O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

2012 yil — “Mustahkam oila yili” Dunyoning eng yorug‘ maskani

        Oila jamiyat tayanchi, ustuni. Oila tinch jamiyat tinch. Oiladagi baxt-saodat jamiyat osoyishtaligini belgilaydi.

        Yurtboshimiz tomonidan kirib kelayotgan 2012 yilni mamlakatimizda “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilinishi barcha yurtdoshlarimiz qatori biz FHDYo xodimlarini ham juda quvontirdi.
 
        Ma’lumki, har qanday inson oilada o‘sib-ulg‘ayadi, tarbiya topadi. Uning kelajakda nechog‘li komil yoki noqobil inson bo‘lib voyaga yetishi esa, hech shubhasiz, oilada berilgan tarbiyaga bog‘liq. Binobarin, Bosh qomusimizning 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega. Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquq­liligiga asoslanadi” deya oilaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati xususida alohida qayd etilgan. Darhaqiqat, oila jamiyatimiz tayanchi, nikoh esa uning poydevori sanaladi. Biz oilani dunyoning yorug‘ maskani, deb bilamiz.

        Oila haqida gap ketganda yana Prezidentimizning “... avvalambor, oila hayotning abadiyligini, avlodlarning davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas nasllar qanday inson bo‘lib yetishishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan tarbiya o‘chog‘i  ekanini tan olishimiz darkor. Sharqda qadim-qadimdan oila muqaddas Vatan sanalgan. Agar oila sog‘lom va mustahkam bo‘lsa, mahallada tinchlik va hamjihatlikka erishiladi. Binobarin, mahalla-yurt mustahkam bo‘lsagina, davlatda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi”,  degan so‘zlarini alohida ta’kidlash joiz.

        Shunday ekan, kelayotgan yilning “Mustahkam oila yili” deb atalishi jamiyat mustahkamligining muhim mezonidir. Bu esa biz FHDYo xodimlariga ham alohida mas’uliyat yuklaydi.
 
Nazira ChORIEVA,
Denov tumani FHDYo bo‘limi mudiri
Aloqaga chiqish Sayt shemasi