O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Korruptsiyaga qarshi kurash masalasi ko‘rildi

        O‘zbekiston respublikasi Bosh prokuraturasida Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.
 

        Mazkur tadbirda Bosh prokuratura mas’ul xodimlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi hamda Jinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurash boshqarmasi, Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Xal­qaro-huquqiy hamkorlik nemis fondi, Jahon banki, O‘zbekiston Respublikasi advokatlar palatasi, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdilar.

        Tadbirda ta’kidlanganidek, 2003 yil 9 dekabr kuni Meridada Yuqori darajali siyosiy konferentsiya o‘z ishini boshlab, uch kun davomida 100 dan ortiq davlat vakillari Birlashgan millatlar tashkilotining Korruptsiyaga qarshi kurash Konventsiyasini imzoladilar. Bu kun BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurash kuni deb e’lon qilingan.

        Tadbir ishtirokchilari respublikada korruptsiyaning oldini olish, unga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mazkur yo‘nalishdagi prokuratura va Departament organlarining faoliyati bilan tanishdilar.

        Ular tomonidan davlatlar, hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyatlarining iqtisodiy rivojlanishiga putur yetkazadigan, demokratik institutlarni zaiflashtiradigan, ijtimoiy tartibni buzadigan hamda jamiyat ishonchini yo‘qotadigan korruptsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashda hamkorlikdagi harakatlarning zarurligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tildi.
 
O‘zbekiston Respublikasi
Bosh prokuraturasi
Matbuot xizmati
Aloqaga chiqish Sayt shemasi