O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

2840 ta velosiped sotib olindi Ular ham pochta jo‘natmalari va davriy nashrlarni o‘z manziliga vaqtida yetkazib berishga xizmat qiladi

        “O‘zbekiston pochtasi” OAJ hamda O‘zbekiston Milliy matbuot markazi hamkorligida “O‘zbekiston pochtasi infratuzilmasida amalga oshirilgan ishlar, xizmat ko‘rsatish sifatini takomillashtirish, moddiy-texnik bazani yangilash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar” mavzuida navbatdagi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

        Tadbirda ta’kidlanishicha, yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun bugungi kunda Aktsiyadorlik jamiyati tarkibida 14 ta filial, 174 ta tuman va shahar pochta tarmoqlari, 2986 dan ortiq pochta aloqa bo‘limlarini birlashtirib, pochta jo‘natmalarini o‘z vaqtida yetkazib berish maqsadida, 30 ta avia, 2 ta temiryo‘l, 436 ta avtomobil pochta tashish yo‘nalishlari hamda 20 ta ko‘chma pochta aloqa bo‘limlari faoliyat ko‘r­satmoqda. Pochta jo‘natmalari va davriy nashrlarni yetkazib berish jarayonini tezlashtirish uchun 2840 ta velosiped sotib olindi va joylarga yetkazildi.

        “O‘zbekiston pochtasi” OAJ 1994 yil 24 fevralida Butunjahon pochta Ittifoqiga a’zo bo‘ldi. Bugungi kunda105 ta mamlakat bilan pochta ayir­boshlash amalga oshirilmoqda.

        “O‘zbekiston pochtasi” OAJ tomonidan 2005 yilning dekabr oyidan mahalliy “Elektron pul o‘tkazmalari” tizimi ishga tushirildi. 2007 yildan Xalqaro elektron pul o‘tkazmalari xizmati tashkil etildi va Butunjahon pochta ittifoqining (IFS Light) pul o‘tkazmalari tizimi orqali Rossiya, Ukraina, Belorus, Qozog‘iston va Moldova davlatlari bilan xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

        Pochta aloqasi ob’ektlari qoshida ochilgan 47 ta (5 tasi qishloq hududida joylashgan) “Internet kafe”larga o‘rnatilgan 236 ta kompyuter orqali aholiga, kompyuter o‘yinlari, internet, elektron pochta va boshqa zamonaviy xizmat turlari ko‘rsatib kelinmoqda.
 
Aqida RASULOVA,
“Inson va qonun”
muxbiri
Aloqaga chiqish Sayt shemasi