O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Jamiyatning muhim tayanchi

        E’tirof etish kerak, istiqlolning o‘tgan yillari mobaynida Oila kodeksi, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘­risida”gi qa­rori, Prezidentimizning 2009 yil 13 apreldagi “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 2009 yil 1 iyuldagi “2009-2013 yillarda aho­lining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish cho­ra-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarorlarining qabul qi­linishi ham oilalar mustahkamligini ta’minlash orqali jamiyat taraqqiyotiga erishishga qaratilgan. Chunki barkamol avlodni tarbiyalash nafaqat uning ta’lim-tarbiyasi yoki sport bilan shug‘ullanishiga e’tibor qa­ratish, balki hali farzand tug‘ilmasidan avval onaning, u dunyoga kelgach esa ham ona, ham bolaning salomatligi haqida qayg‘urish, ularga g‘amxo‘rlik qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlashga har jihatdan bog‘liq. Donolarimiz ham farzand tarbiyasini u tug‘ilmasidan ilgari boshlash lozimligini ko‘p bora ta’kidlaganlar. Nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘­rikdan o‘tkazilishi sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘ilib, oilaning mustahkamlanishiga muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

        Konstitutsiyamizning 64, 65, 66-moddalari ham oilalar mustahkamligini ta’minlashga xizmat qiladiki, ularda ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga, o‘z navbatida voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar ham o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanliklari, davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘l­gan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlashi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlari rag‘batlantirilishi, farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengliklari, onalik va bolalikning davlat tomonidan muhofaza qilinishi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

        Yangi yilning “Mustahkam oila yili” deya e’lon qilinishi Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatini, oilaning naqadar muqaddas maskan ekanligini tegishli qonun, qaror va boshqa me’yoriy hujjatlar misolida yoshlarga, ota-onalarga, xalqimizga tushuntirib berish borasida zimmamizga katta mas’uliyat ham yukladi. Shu bois tumanimizdagi umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlikda olib borayotgan huqu­qiy targ‘ibot tadbirlarimiz hamda kasb-hunar kollejlarida tashkil etilayotgan “Yosh oila quruvchilar maktabi” va FHDYo bo‘limimizda har oyda ikki marotaba o‘tkazilayotgan “Oila dorilfununi” o‘quv mashg‘ulotlari ko‘lamini yanada kengaytirishimiz lozim.

        Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Oila masalasiga jamiyatimizda bu qadar katta ahamiyat berilayotganining o‘ziga xos sabablari bor, albatta. Biz oilani xo‘jako‘rsinga ko‘tar-ko‘tar qilish, uni qandaydir etnografik yodgorlik sifatida ko‘z-ko‘z qilish niyatidan mutlaqo yiroqmiz. Biz o‘z ma’naviy hayotimiz va kelajagimizni qurayotganda beqiyos milliy qadriyatimiz bo‘lmish oilani asosiy tayanch deb bilamiz”.
 
Nodira JALOLOVA,
Pop tumani FHDYo bo‘limi mudiri
Aloqaga chiqish Sayt shemasi