O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

“Tekshiruvchi”ni ham tekshiradiganlar bor noqonuniy holatlar bartaraf etilmoqda

        Mamlakatimizda barcha jabhalarda hayotga izchil tatbiq etilayotgan islohatlar zamirida inson manfaati, huquq va erkinliklari himoyasi ustuvor masala ekanligi o‘z isbotini topmoqda.
 
        Toshkent viloyati adliya bosh­qarmasi tomonidan 2011 yilning 9 oyi davomida jami 126 murojaat ko‘rib chiqildi. O‘z huquq va erkinliklarini himoya qilishni so‘rab fuqarolardan kelib tushgan 117 murojaatdan 98 tasi ko‘rib chiqildi va 51 tasi  qanoatlantirildi. Bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli tashkilot va muassasalarga 43 ta taqdimnoma hamda 19 ta da’vo ariza kiritildi.

        Jumladan, fuqaro M.Nabixonovaning 2011 yil 4 yanvar kuni “Toshkentgazta’minot” UKning Ohangaron tumani filiali va Ohangaron shahar “Suvoqava” IChShK rahbarlari xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan shikoyatini o‘rganish natijasida, mansabdor shaxslar tomonidan “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilganligi aniqlanib, ularga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirildi va ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborildi. Sudning 2011 yil 28 yanvardagi qaroriga asosan “Suvoqava” IChShK rahbari Z.Nasullaev, “Toshkentgazta’minot” UKning Ohangaron tumani filiali rahbari I.Eshboevga tegishli jazo qo‘llanildi.

        Boshqarma tomonidan fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquq va manfaatlarini himoya qilishda, avvalo, qonunchilik normalarini keng targ‘ib etish, aholi o‘rtasida huquqiy tushuntirishlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2008 yil 8 iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tad­birlari to‘g‘risida”gi Qaro­rining mazmun-mohiyatiga doir markaziy hamda mahalliy OAVlarni jalb qilgan holda 80 dan oshiq turli tadbirlar o‘tkazildi.

        Barchamizga ma’lumki, 1 iyun — xalqaro bolalar kuni deb belgilangan. Shu munosabat bilan boshqarma tomonidan “Inson huquqlari — bola huquqlaridan boshlanadi” nomli buklet o‘zbek va rus tillarida tayyorlanib, viloyatning barcha joylaridagi o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari va maktab yoshlari o‘rtasida tadbirlarda tarqatildi.  

        Boshqarmada inson huquq va erkinliklarini himoyalashga qaratilgan qonunlar ijrosini joylardagi mahalliy davlat hokimiyati va boshqa organlar faoliyatida o‘rganib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu o‘z nav­batida fuqarolarning huquq va manfaatlarini cheklovchi noqonuniy qarorlar qabul qilinishining oldini olish bilan birga, fuqarolarning murojaatlari qay darajada qonuniy hal etilayotganligini aniqlash imkonini bermoqda. Birgina shu yilning 9 oyi davomida boshqarma tomonidan o‘tkazilgan 97 ta tekshiruv natijasida jami 5131 mingta turli qonunbuzarlik holati aniqlandi. Ushbu qonunbuzilishlar tahlil etilganda, fuqarolarning shikoyat va arizalarini ko‘rib chiqishda 317 ta, tadbirkorlarni davlat ro‘yxatiga olishda 93 ta, bank sohasida 1906 ta, soliqqa tortishga oid 373 ta, litsenziyalash va boshqa ruxsatnomalar berishda 178 ta, ruxsatsiz tekshirishda 46 ta, noqonuniy javobgarlikka tortishda 24 ta, sudlar faoliyatiga oid 73 ta va boshqa sohalarda 2121 ta qonunbuzarlik holatlari qayd etildi.

        Qonunbuzarlik sodir etgan ayb­dor mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy jazo choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari, xususiy mulk egalari, xorijiy investorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash maqsadida adliya boshqarmasi tomonidan 164 ta taqdimnoma, 77 ta ogohnoma va 43 ta ko‘rsatma kiritildi. Ushbu ta’sir choralari natijasida 240 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka, 30 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Ko‘rilgan choralar natijasida tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini cheklab qo‘ygan davlat boshqaruv idoralarining 14 ta noqonuniy qarori bekor qi­lindi va ijrosi to‘xtatildi. Bundan tashqari, tadbirkorlar huquq­larini tiklashni so‘rab, sudlarga 184 ta 200 million so‘mdan ortiqroq da’vo arizasi kiritilib, ular sud tartibida qanoatlantirildi.
 
Salohiddin SATTAROV, 
   Toshkent viloyati adliya
boshqarmasi boshlig‘i
 birinchi o‘rinbosari
Aloqaga chiqish Sayt shemasi