O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

G‘ov bo‘lding — yov bo‘lding

        Mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, xususiy tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash, pirovardida aholi turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning huquqiy asosi ham, avvalo, Konstitutsiyadir.

        Chunonchi, Konstitutsiyamizning 53-moddasiga muvofiq, “...Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi”.

        Ushbu norma muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bozor munosabatlariga asoslangan mamlakat iqtisodiyotining huquqiy jihatlarini Konstitutsiya darajasida e’tirof etadi.

        Xususan, birgina 2011 yilning o‘tgan davri mobaynida jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va manfaatdorligi uchun sharoit yaratish, shuningdek tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid 30 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

        Shu o‘rinda, Prezidentimiz tomonidan 2011 yil 25 avgustda qabul qilingan “Byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va tadbirkorlik faoliyati erkinligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorining mazmun va mohiyatini ta’kidlab o‘tish joiz. Ushbu Qarorga muvofiq, tadbirkorlik faoliyatining u yoki bu sohasida amal qilib kelgan ruxsat berish tartibotlarining 50 tasi bekor qilindi. Bu esa xususiy mulkchilikni rivojlantirish yo‘lida ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishning  navbatdagi huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi. 

        Bundan tashqari, Qarorga muvofiq tegishli vakolatli organlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat berilishida qat’iy muddatlar belgilandi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan alohida xususiyatli faoliyat turlaridan tashqari boshqa barcha ruxsat etuvchi hujjatlarni berish muddati tadbirkorlik sub’ektlari ariza bergan vaqtdan boshlab 30 ish kunidan oshmagan holda amalga oshirilishi mustahkamlandi.

        Qolaversa, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda Davlat mulki qo‘mitasi zimmasiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’­ektlarining davlat mulki bo‘lgan, vaqtincha bo‘shab yotgan va ishlatilmaydigan xonalarni ularda ishlab chiqarish ob’ektlarini joylashtirish uchun ijaraga berish bo‘yicha murojaatlarini 7 kun mobaynida ko‘rib chiqish majburiyati yuklatildi.

        Ta’kidlash lozimki, Prezidentimizning biz yuqorida keltirgan Qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 17 oktyabrda “Byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va ruxsat berish tartibotlarini amalga oshirishda davlat bosh­qaruv funktsiyalarini qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hukumatning mazkur qarorida tadbirkorlik faoliyati erkinligini cheklovchi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan aniq choralar belgilandi. Xususan, bir qator vazirlik va idoralarning idoraviy normativ-huquqiy hujjatlari bilan belgilangan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartibotlarining bekor qilinishi belgilandi. Natijada, Markaziy bank tomonidan  beriladigan 4 ta, Davlat soliq va Davlat bojxona qo‘mitalari — 1 ta, tuman (shahar) hokimliklari — 2 ta, “O‘zdavtemiryo‘l-nazorat” inspektsiyasi — 1 ta, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi huzuridagi Elektromagnit moslashuvi markazi — 1 ta, Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta nazorati davlat inspektsiyasi — 1 ta, Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi — 1 ta, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspektsiyasi — 1 ta, jami — 12 ta tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartibotlari bekor qilinadigan bo‘ldi.

        Bundan tashqari, ruxsatnomalar tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalarni huquqiy tartibga solishning tizimliligini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi Qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish bosh boshqarmasi tomonidan joriy yilda bir qator davlat organlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazildi. O‘tkazilgan monitoring yakuni bo‘yicha sohada qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar ishlab chiqildi va tegishli vakolatli organlarga ko‘rib chiqish uchun kiritildi.
 
Jahongir ShIRINOV,
Adliya vazirligi
bosh boshqarma bo‘lim boshlig‘i
Aloqaga chiqish Sayt shemasi