O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Fuqarolarning shaxsini aniqlash Yaponiya qonunchiligida notariatning huquqiy asoslari

        Yaponiya qonunchiligida 1909 yildagi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonun va ushbu Qonun asosida chiqarilgan qaror notariat sohasini tartibga soluvchi asosiy hujjat bo‘lib, shaxsiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lgan bitimlar va faktlarni tasdiqlash, shuningdek, jismoniy shaxslarning hujjatlarini, yuridik shaxslarning ta’sis hujjatlarini tasdiqlash notariusning vakolati doirasiga kiradi.

        Bulardan tashqari, notarius ijro yozuvlarini amalga oshiradi hamda hujjatlarning, shu jumladan elektron hujjatlarning taqdim etilgan vaqtini tasdiqlaydi.

        Yaponiyada notarial harakatlarni amalga oshirishning o‘ziga xos jihati, avvalo, notarial harakatni amalga oshirishni so‘rab murojaat qilgan fuqaroning shaxsini aniqlash jarayonida namoyon bo‘ladi.

        Mamlakat fuqarolarining ko‘pchiligida ro‘yxatga olingan (jitsuin) va oddiy muhrlar mavjud. Oddiy muhr kundalik yumushlarda ishlatilsa, ro‘yxatga olingan muhrni yaponlar ehtiyotkorlik bilan saqlashadi hamda undan muhim bitimlarni tuzishda foydalanishadi. Bu an’ana yapon madaniyatida chuqur ildizlarga ega bo‘lib, xalq orasida bunday muhr bilan tasdiqlangan hujjatlarga bo‘lgan ishonch yuqoridir. Bunday muhrlar davlat organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtda fuqaroga ushbu muhrning izi tushirilgan sertifikat beriladi hamda fuqarolar notariusga ushbu sertifikatni ko‘rsatish yo‘li bilan o‘z shaxsini tasdiqlaydi. O‘z navbatida, notarius fuqarodagi muhr bilan sertifikatdagi muhr izini bir-biriga solishtiradi.

        Notarius tomonidan haydovchilik guvohnomasi, pasporti, chet el fuqarosining ro‘yxatga olish varaqasi orqali murojaat qilgan fuqaroning shaxsini aniqlash muqobil usullar bo‘lib sanaladi.

        Yapon huquqida vakillikning ikki xil turi mavjud: ishonchnoma asosida vakillik va qonuniy vakillik. Ishonchnoma asosida vakil notarial harakatni amalga oshirish vaqtida murojaat qilgan shaxs ishonchnoma beruvchining muhri bilan tasdiqlangan vakolat beruvchi hujjatlarni taqdim etishi lozim. Ishonchnoma asosida harakat qiluvchi vakilning vakolat doirasi ishonchnomada belgilangan vakolatlar doirasidan tashqariga chiqishi mumkin emas. Ba’zi bir notarial harakatlar, masalan, vasiyat, affidevitni ishonchnoma asosida amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ko‘plab notarial harakatlarning vakil orqali amalga oshirilishi yapon notariatining o‘ziga xos jihatlaridan biridir.

        Amalda ko‘chmas mulk agentlari tomonidan ko‘chmas mulklarning oldi-sotdi shartnomalari tayyorlanadi, taraflar bilan muzokaralar olib boriladi, bank bilan aloqani ta’minlaydi va guvoh sifatida shartnomaga o‘z muhrini qo‘yadi. Shuningdek, kamdan-kam hollarda hadya shartnomalari notarius tomonidan tasdiqlanadi.

        Biroq, ko‘p hollarda yer uchastkasi yoki bino ijarasi bilan bog‘liq shartnomalar notariuslar tomonidan tasdiqlanadi. Chunki yapon ashyoviy huquqiga asosan bir yer uchastkasida joylashgan binoga va yer uchastkasiga boshqa-boshqa huquq sub’ektlarining mulk huquqi bo‘lishi mumkin. 

        Yaponiya Savdo kodeksiga asosan, aktsiyadorlik jamiyatlarining ta’sis hujjatlari notarius tomonidan tasdiqlangandan so‘ng belgilangan tartibda ro‘yxatga olinishi mumkin. Biroq, ushbu ta’sis hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan taqdirda, uni notarial tasdiqlash talab etilmaydi. Shuningdek, jamoa shirkatlari va notijorat tashkilotlarning ta’sis hujjatlarini notarial tasdiqlash talab etilmaydi. 2005 yilga qadar mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ta’sis hujjatlari notarial tasdiqlanishi talab qilingan.

        Yaponiyada meros huquqining original tizimi mavjud bo‘lib, unga ko‘ra meros huquqini amalga oshirishda notariusga murojaat etish talab qilinmaydi. Meros qoldiruvchi vafot etgandan so‘ng merosxo‘rlar o‘zaro kelishgan holda meros bo‘lib qolayotgan mol-mulk­ni bo‘lib olish to‘g‘risida kelishuv tuzishi lozim, agarda ular bunday kelishuvga erisha olmasa, oilaviy ishlar bo‘yicha sud tomonidan merosxo‘rlarning moddiy ahvoli, yoshi, sog‘ligi holati va boshqa jihatlari inobatga olinib, mol-mulk bo‘lib beriladi.

        2000 yil aprelida Yaponiyaning “Notariat to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritilishi natijasida 2002 yil 15 yanvardan yapon notariuslari elekt­ron hujjatlar tasdiqlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Statistik ma’lumotlar elektron hujjatlarni tasdiqlash bo‘yicha amalga oshirilgan notarial harakatlar soni keskin o‘sganligini ko‘rsatgan. Qog‘oz sarfining kamayishi imkonini beradigan elektron hujjatlarni tasdiqlash harakatlari sonining o‘sib borishiga gerb yig‘imi undirilmasligi ham yana bir omil bo‘lyapti.

        Xulosa qilib aytganda, Yaponiyada notariat sohasiga oid qonun hujjatlari milliy urf-odat, an’analarni o‘zida aks ettiradi.
 
Mahfuza NOROVA,
Buxoro shahar 7-son davlat
notarial idorasi notariusi
Aloqaga chiqish Sayt shemasi