O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Nikohingiz qonuniymi? to‘g‘ri yo‘l oilani yanada mustahkam qiladi

        Ta’kidlash joizki, ommaviy axborot vositalari orqali qonuniy nikohning afzalliklari, baxtli yashash uchun suv va havodek zarurligi doimiy ravishda uqtirib kelinmoqda. Bi­roq, ayrim toifadagi odamlar to‘g‘ri yo‘l turib, egri yo‘ldan yurishni, qonuniy nikohdan ko‘ra, shar’iy nikohni afzal ko‘rayotganligi ajablanarli holdir. Har bir inson uchun nikoh muqaddas, hayot mazmunini belgilaydigan muhim marosim. Uning o‘ziga xos ma’naviy-axloqiy, ma’rifiy, tarbiyaviy jihatlari juda ko‘p. Balog‘at yoshiga yetgan muomala layoqatiga ega oila qurish orzusida bo‘lgan yoshlar qonuniy nikohdan o‘tishlari shart. Chunki qonuniy nikohdan o‘tgandan so‘ng er va xotin o‘rtasida mas’uliyat paydo bo‘ladi. Eng muhimi, oila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘on bunyod etilib, yosh yigit va qizlar jamiyatning mas’ul a’zolariga aylanadi. Ota va ona degan buyuk nom sohibi bo‘lib, farzand­lar oldida otalik va onalik burchi  tug‘iladi.

        Qonuniy nikohning mustahkam oila yaratishda yana boshqa afzallik jihatlari shundaki, turmush qurishga ahdu paymon qilgan yoshlar FHDYo bo‘limiga kelib, ariza yozgach, ularga bir oy muhlat beriladi. Mana shu davrda ular bir-birini yana bir bor sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, FHDYo bo‘limida yosh kelin-kuyovlar majburiy tarzda tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart. Otalikni belgilash, nafaqa, uy-joy uchun davlatdan kredit pullari olish, meros huquqini beradigan ham qonuniy nikohdir.

        FHDYo bo‘limi xodimlari qonuniy nikohning afzalliklari haqida QFY, mahalla, korxona va tashkilot, kollej va maktablarda bo‘lib, muntazam tushuntirish ishlarini olib boradilar. Har bir FHDYo qoshida “Oila dorilfununi” tashkil etilgan. Bunda keksa onaxonlar o‘z hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga o‘zaro hurmat va izzat to‘g‘risida pand-nasihat beradilar. Qonuniy nikoh tuzilishida barcha birday mas’ul. Ayniqsa, ota-onalar bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishlari kerak. Jondan aziz farzandlari kelgusida mustahkam oila qurib, tinch va totuv yashashlari, farovon hayot kechirishlari ko‘p tomondan ularga bog‘liq. Axir, qonuniy nikoh yoshlar o‘rtasida muhabbat va o‘zaro hurmatni mustahkamlash,  mas’uliyatni his etib, majburiyatlarga ikki tomon ham bo‘ysunishini ta’minlaydi.

        Shar’iy nikoh bilan cheklanib oila qurish keyinchalik, otalikni bel­gilash, farzandlar kamoli, o‘qi­shi va kelgusi hayotlarida muammo paydo qiladi.

        Bizning tumanimiz viloyatning eng chekka hududida joylashgan. Biz tez-tez qishloq va mahallalarga borib, yoshlarning qonuniy nikohdan o‘tishlarida shart-sharoitlar yaratib beramiz. 2012 yilning “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilinishi biz FHDYo xodimlaridan ulkan mas’uliyat, g‘ayrat va shijoat talab etadi.
 
Inobat BOBOQULOVA,
Pastdarg‘om tumani 2-FHDYo
bo‘limi mudiri
Aloqaga chiqish Sayt shemasi