O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Noqonuniy taftish taraqqiyotga g‘ov bo‘ladi

        Xabaringiz bor, istiqlolning dastlabki kunlaridanoq, tadbirkorlikning mamlakat iqtisodiyotida tutgan o‘rniga ustuvor aha­miyat berilib, uning huquqiy asoslarini shakllantirish maqsadida bir qator qonun, farmon, qaror va boshqa me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlik faoliyati uchun zarur shart-sharoitlarni yaratdi.
 
        Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan Qaror va farmoyishlarning joylardagi ijrosi yuzasidan nazoratni ta’minlash maqsadida adliya boshqarmasining tadbirkorlar hu­quqlarini himoya qilish bo‘limi tomonidan ular faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish, tadbirkorlarning huquqlarini buzgan mansabdor shaxslarga qat’iy choralar ko‘rishda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

        Jumladan, joriy yilning 11 oyi davomida tadbirkorlik sub’ektlaridan 132 ta ariza va shikoyat kelib tushdi. Ularning barchasi sinchiklab o‘rganilib, haq-huquq­lari tiklandi, bir qator masa­lalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.

        Misol uchun Shahrixon tumanida joylashgan “Shahrixon sihatgohi” xususiy korxonasi rahbari murojaati bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijasida “Shahrixon sihatgohi” xususiy korxonasi tomonidan tumandagi “Salomatlik-R” MChJ­ga tegishli bo‘lgan “Shahrixon sho‘‘ba sihatgoh” korxonasini sotib olganligi va belgilangan tartibda oldi-sotdi shart­nomalari rasmiylashtirilganligi, lekin tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati mutasaddilari mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazmayotganligi ma’lum bo‘ldi.

        Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda arizada ko‘rsatilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topib, da’vogar manfaatini ko‘zlab xo‘jalik sudiga da’vo ariza kiritildi. Sud mazkur da’voni qanoatlantirib, tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadas­tri xizmatiga “Shahrixon sihatgoh” xususiy korxonasi tomonidan sotib olingan mulklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini yukladi.

        Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish uchun ma’muriy sarf-xarajatlarni kamaytirish, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘y­xatiga olish va hisobga qo‘yishdagi byurokratik to‘siqlar va g‘ovlarni bartaraf etish uchun boshqarma tomonidan viloyatning shahar-tumanlarida muntazam ravishda o‘rganishlar o‘tkazib kelinmoqda.

        O‘tkazilgan o‘rganishlar davomida jami 1 498 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Aniqlangan holatlar bo‘yicha 151 ta taqdimnoma kiritildi. Natijada 163 nafar xodim intizomiy, 7 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, 18 nafar mansabdor shaxsga nisbatan sud tartibida ma’muriy jarima qo‘llanildi.

        Tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha bo‘lim tomonidan 151 ta taqdimnoma, 1  911  523  646 so‘mlik 157 ta da’vo arizalar kiritildi.

        Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. Bu esa, iqtisodiy islohotlar samarasini belgilovchi mezondir. Tadbirkorlikni rivojlantirish jamiyat ravnaqi, aholi farovonligini ta’minlashga hamda barqaror iqtisodiyotni yuksaltirishga xizmat qiladi.
 
Ibrohim TURo‘UNOV,
Andijon viloyati adliya
boshqarmasi boshlig‘ining 
birinchi o‘rinbosari
Aloqaga chiqish Sayt shemasi