|
Farzandlikka olish qay tartibda amalga oshiriladi? Farzand oilaning baxtu kamoli, hayot mazmuni va umr davomchisidir. Aslida o‘zbek xalqi azaldan bolam deb yashaydigan, mehri daryo xalq. Shu bois «Bolaning begonasi bo‘lmaydi», «Mening bolam...», deya har bir qorako‘zga muhabbat bilan boqishlarini hech bir millat inkor etolmaydi. Ba’zan esa shart-sharoit, befarzandlik yoinki boshqa sabab tufayli oilada farzand asrab olish ehtiyoji tug‘iladi. Ammo hamma ham farzandlikka olishning qoidalari, huquqiy ahamiyatini to‘la tushunib yetarmikan? Afsuski, bu savolga «ha», deb javob berishimiz mushkul. Shu bois bu boradagi qonuniy yo‘llanmalar hamda huquq va majburiyatlarni o‘quvchilar e’tiboriga havola etish foydadan xoli emas.
Avvalo, shuni aytish lozimki, farzandlikka olingan bolalar barcha shaxsiy hamda mulkiy huquqlarda farzandlikka oluvchining o‘z bolalariga tenglashtiriladi. Avvalgi ota-onalari, qarindoshlari bilan esa bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarini yo‘qotadilar hamda o‘zaro majburiyatlaridan ozod bo‘ladilar. Farzandlikka olish hokim qaroriga ko‘ra FHDYo organlarida qayd qilinadi va bolaga tug‘ilganlik haqida yangi guvohnoma berilgan kundan boshlab, o‘z-o‘zidan farzandlikka olgan oila oldida huquqiy burch va majburiyatlar tug‘iladi. Farzandlikka oluvchilar birinchi navbatda ota-onalik huquqi va majburiyatlariga ega bo‘ladilar. Ular o‘z bolalari oldida qanday majburiyatlarga ega bo‘lsa, farzandlikka olingan bola oldida ham shunday majburiyatlarga egadir. Shuni ta’kidlash joizki, farzandlikka olingan bolalarga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan farzandlikka oluvchilardan sudning hal qiluv qaroriga asosan aliment undiriladi. Farzandlikka olingan voyaga yetgan yoki yetmagan bola mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bo‘lsa-yu, farzandlikka oluvchilar sudning hal qiluv qarorini bajarishdan uch oy davomida bo‘yin tovlasalar, Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladilar. Xuddi shuningdek, farzandlikka olinganlar ham farzandlikka oluvchilar haqida g‘amxo‘rlik qilishlari va ularga yordam ko‘rsatishlari shart.
Mehnatga layoqatsiz va yordamga muhtoj bo‘lgan farzandlikka oluvchilarga ta’minot berish voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlikka olinganlarning majburiyatidir. Xulosa qilish mumkinki, farzandlikka olingan har qaysi bola farzandlikka olgan ota-ona, oila uchun haqiqiy, chin farzandlar qatoridir. Bu avvalo, insoniylik fazilatimiz, oqibatimiz, mehr-muhabbatimiz, bir so‘z bilan aytganda, milliy mentalitetimizga xos xislat, qolaversa, huquqiy kafolatlangan jarayondir. Nilufar AZIZOVA,
Yangiqo‘rg‘on tumani
FHDYo bo‘limi inspektori
|