O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Mulkdorning mulki — mehnatning ko‘rki

        Bugungi kunda mulkchilik masalasi davlat va jamiyat rivojlanishining eng e’tiborga molik masalalaridan biri hisoblanadi. Darhaqiqat, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida ildam qadamlar bilan borayotgan mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mulkchilik masalasiga, jumladan, xususiy mulkni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bozor iqtisodiyotining bir nechta o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Bular xo‘jalik faoliyatining erkinligi, iqtisodiy munosabatlarning talab va taklif asosida qurilganligi, mahsulot va xizmatlar baholarining erkin shakllanishi, raqobat muhitining borligi, eng muhimi, turli mulk shakllarining mavjudligi hamda xususiy mulkning ustuvor ahamiyatga ega ekanligi bilan belgilanadi. Xususiy mulk nafaqat egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlarining birligi, balki erkin bozorni shakllantirishga imkon beruvchi iqtisodiy-siyosiy sharoitlar o‘rnatilishi hamdir. Xususiy mulkning iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qiluvchi bir nechta asoslari borligini alohida ta’kidlash joiz. Birinchidan, xususiy mulk huquqi mulkdorni mulkni oqilona boshqarishga rag‘batlantiradi va mulkdorlik hissi kishini vijdonan mehnat qilishga undaydi. Ikkinchidan, xususiy mulk huquqi insonlarni o‘z iqtisodiy ahvolini yaxshilashga, mulkdan samarali foydalanishga undaydi. Natija foydali bo‘lgach, mulkdor o‘z malakasini oshirishga, yanada ko‘proq va yaxshiroq ishlashga harakat qiladi. Uchinchidan, mulkdor o‘z manfaatlarini ko‘zlasa-da, u atrofdagilarga ham naf keltiruvchi faoliyat ko‘rsatadi. To‘rtinchidan, mulkdor o‘z mulkini nafaqat bugungi kun daromadi uchun, balki kelgusi avlodi uchun jamg‘arma tarzida saqlashga e’tibor qaratadi.

        Konstitutsiyamizning 53-moddasiga muvofiq, mustaqil davlat iqtisodiyotining asosini tashkil etadigan mulkning hamma shakllari teng huquqliligini va himoyalanganligini davlat kafolatlaydi. Har qanday mamlakat Konstitutsiyaga asoslanib, mulkchilik to‘g‘risida yuridik qonunlar ishlab chiqadi va shu qonunlar asosida mulkka egalik qilish munosabatlarini ifodalaydi.

        Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mustaqillik yillarida xususiy mulkni himoya qilish, uning huquqiy asoslarini yaratish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Mulkiy munosabatlar amaldagi qonun hujjatlari va qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Mazkur qonun hujjatlarida xususiy mulk va mulkdorlarning huquqlari, ya’ni o‘z mulkiga egalik qilish, undan erkin foydalanish, uni tasarruf etish, o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.
 
Azamat ABZALOV,
TDYuI o‘qituvchisi
Aloqaga chiqish Sayt shemasi