|
Xavfli To'siqXAVFLI TO‘SIQ Xorijiy ommaviy axborot vositalarida bugungi kunda turli davlatlarda va xalqaro tashkilotlar faoliyatida ro‘y bergan korrupsiya holatlari to‘g‘risida, korrupsiyaviy qilmishlarni sodir etgan va shunday huquqbuzarliklarda shubhalanayotgan shaxslar va korrupsiyaga qarshi kurash usullari va uning natijalari to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar tarqatilmoqda. XX asr oxiri XXI asr boshida bu illat milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi omildan ayni paytda xalqaro munosabatlar barqarorligiga tahdid soluvchi omilga aylanib bo‘ldi. Korrupsiyaviy qilmishlarning asosiy o‘ziga xos tomoni uni sodir etuvchi kishilarning nafsi bilan bog‘liqligi va o‘z manfaatlarini boshqalar manfaatidan ustun qo‘yish, ochko‘zlik, munofiqlik singari salbiy xislatlar bilan bog‘liqligidadir. Korrupsiyaviy qilmishlar, uni vujudga keltiruvchi omillar va unga qarshi kurash choralari to‘g‘risida yuristlar, sotsiologlar, siyosatchilar, psixologlar va iqtisodchilar tomonidan ko‘plab fikrlar bildirilgan. Bu mavzular to‘g‘risida keyingi paytlarda ko‘plab tadqiqotlar ham olib borilmoqda. Korrupsiya to‘g‘risida aytilgan fikrlarning barchasida uning ijtimoiy xavfliligi, salbiy illat ekanligi unga qarshi kurash uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlanadi. Biroq korrupsiya mamlakatizmizda ham xorijiy davlatlarda va xalqaro tashkilotlar faoliyatida ham tobora ko‘proq uchrayotganligini va turli tuman ko‘rinishlar va darajada namoyon bo‘layotganligini qayd etib o‘tish kerak. Keyingi paytlarda bir qator xorijiy davlartlarda, jumladan MDHga a’zo bo‘lgan ayrim davlatlar rahbariyati tomonidan korrupsiyaga qarshi jiddiyroq kurash olib borish maqsadida bir qator choralar ko‘rilmoqda. Bunday kurashning boshlanishi tabiiy bo‘lib, chunki ancha vaqtdan buyon ko‘plab fuqarolar, jamoat tashkilotlari tomonidan korrupsiyaviy qilmishlar to‘g‘risida davlat hokimmiyati oliy organlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaatlar bo‘lardi. Biroq, MDHga a’zo aksariyat davlatlardagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralarni o‘zlarining ham korrupsiyaga aloqador xodimlari to‘g‘risida OAVda ma’lumotlar tarqatilardi. Rossiyada faoliyat ko‘rsatayotgan “Demokratiya uchun informatika” jamg‘armasi mamlakatdagi korrupsiyaning ahvoli to‘g‘risida o‘n yil davomidagi islohotlar mobaynida poraxo‘rlik darajasi pasaymaganligini, Rossiya korxonalari va fuqarolari har yili kamida 37 milliard dollarni pora uchun sarflashlarini e’lon qilgan edi. Transparency International xalqaro tashkiloti tomonidan keyingi yillarda amalga oshirilgan tadqiqotlarda MDH davlatlari orasida Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarboyjon, Ukraina va Moldoviya davlatlarida korrupsiya darajasi yuqori ekanligi ko‘rsatiladi. Hozirgi paytda bu davlatlar tomonidan korrupsiyaga qarshi qator chora-chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, bu davlatlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurash, uni oldini olishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatilar qabul qilingan. Misol uchun, Ukrainada «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonun mavjud bo‘lib davlat boshlig‘i mazkur qonun normalarini hayotga joriy etilishi uchun jiddiy ahamiyat beradi. Ukraina Prezidenti 1997 yil 10 apreldagi 319-sonli farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurash milliy dasturi tasdiqlangan. Ukrainaning «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonuni 9-moddasida mansabdor shaxslarning daromadlari, qimmatli qog‘ozlari, ko‘chmas mulk va boshqa qimmatbaho buyumlari, shuningdek bankdagi omonatlari to‘g‘risida rasmiy nashrlarda ma’lumotlar berib borilishi belgilangan. Shu bilan birga Ukraina Vazirlar Mahkamasining 20.03.1998y. 345-sonli qarorida korrupsiyaviy qilmishlar sodir etgan shaxslarning davlat organlarida faoliyat ko‘rsatishini taqiqlashga qaratilgan choralar ishlab chiqilgan. Shuningdek, prezidentning farmoniga asosan davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarga mebel, jihozlar, uyali telefonlar, kompyuterlar va avtomobillar sotib olish xarajatlarining eng yuqori miqdori belgilab berilgan. Amaldorlar va ularning oila a’zolariga sanatoriylar va dam olish olish uylariga davlat mablag‘lari hisobiga imtiyozli yo‘llanmalar olish taqiqlangan. Bundan tashqari, hukumat davlat xizmatchilarining xarajatlari ular deklaratsiyalagan daromadlariga mos bo‘lishi ustidan nazorat qilish mexanizmini ishlab chiqish lozimligi qayd etilgan. Ukrainaning korrupsiyaga qarshi qaratilgan dasturiy choralari bir qator ijobiy natijalarni keltirganligini aytib o‘tish mumkin. Bunda Ukraina Prezidenti huzurida tashkil etilgan Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi qo‘mitaning hissasi katta. Gruziyaning sobiq prezidenti Eduard Shevarnadze o‘z lavozimini tark etishiga majbur bo‘lishidan avvalroq «Korrupsiyaga qarshi milliy dasturni ishlab chiqish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekkan edi. Afsuski, bu farmon ilgariroq qabul qilinganida va mamlakatda korrupsiyaga qarshi jiddiy kurash olib borilganida ehtimolki, mamlakat rahbariyati va xalq o‘rtasida birdamlik va ishonch mustahkam bo‘lgan bo‘lardi. Shu bilan birga, Gruziya parlamenti tomonidan korrupsiyali bitimlar tuzilishi imkoniyatini minimum darajaga olib kelishga qaratilgan Soliq kodeksi loyihasi yangi tahrirda ishlab chiqilib tasdiqlandi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida tadbirkorlik faoliyati tortiladigan 18 soliq turidan 4 tasi qoldirilgan: daromad solig‘i, QQS, aksiz solig‘i va mol-mulk solig‘i (mahalliy budjetlarni to‘ldirish uchun). Mazkur Qonun 2004 yildan kuchga kirishi belgilangan. Gruziyaning bundan oldingi Soliq kodeksi 1997 yilda qabul qilingan edi. Biroq bir necha yillar tajribasi ushbu kodeksning iqtisodiyotning real ahvoliga to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatgandi. Parlament tomonidan yiliga 20-30 martalab, ayrim kuzatuvchilar tor doiralar manfaatlarini lobbilash deb hisoblaydigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga majbur bo‘lgan. O‘tgan yili Belarussiyada Prezident Aleksandr Lukashenko tashabbusi bilan korrupsiyaga qarshi kurash sohasida bazaviy, majmuaviy qonun ishlab chiqilgan edi. Aleksandr Lukashenko korrupsiya haqida gapira turib, uning jamiyat yaratgan barcha narsani barbod qilishga qodir ekanligini, yangi ishlab chiqilgan “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Qonun ogohlantiruvchi xarakterdagi hujjat bo‘lib, uni buzgan shaxslarga nisbatan og‘ir javobgarlik choralari qo‘llanilishini ta’kidlagan edi. Mazkur qonun bilan korrupsiyaviy qilmishlar ro‘yxati kengaytirilib, mansabdor shaxslarning oila a’zolariga nisbatan ham qator talablar qo‘yilgan. Xorijiy ekspertlar Qozog‘istonda anchadan buyon korrupsiyaga qarshi unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmagan bir qator choralar qo‘llanayotganligini aytib o‘tishadi. Biroq bu mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslari yaratilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asosi hisoblangan “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonun va Korrupsiyaga qarshi kurash Dasturi qabul qilingan. Bu ijtimoiy illatga qarshi kurashda Qozog‘iston huquq-tartibot idoralarining faoliyati muvofiqlashtirilgan holda tashkil etilgan. Ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan xabarlarga ko‘ra Qozog‘iston Bosh prokuraturasida korrupsiyaga aloqador shaxslarga oid yagona ma’lumotlar bazasi tashkil qilingan. “Qora ro‘yxat”dan asosan harbiy xizmatchilar, bojxonachilar, soliq xizmati va mahalliy ma’muriyat vakillari joy olishgan. 2002 yilda Qozog‘istonda korrupsiyaga oid 1256 ta jinoyat qayd etilgan. Qozog‘iston rahbariyati korrupsiyaga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikka ham katta e’tibor bermoqda. Biroq ko‘pchilik kuzatuvchilar Qozog‘istonda korrupsiyaga qarshi kurashning unchalik muvaffaqiyat keltirmayotganligini sabablaridan biri mamlakat siyosiy rahbariyatidagi ayrim xizmatchilarning o‘zlarini korrupsiyalashganligida deb hisoblashadilar. Respublikamizda ham korrupsiyaga qarshi kurash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi faoliyat yuritayapti. 2001 yilda Bosh prokuratura huzurida Soliqqa oid jinoyatlarga qarshi kurash Departamenti tashkil etildi, 2002 yilda departament Soliq va valutaga oid jinoyatlarga qarshi kurash Departamenti etib qayta tashkil etildi. “Qonun himoyasida” jurnalida berilgan ma’lumotga ko‘ra 2002 yilda Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi tomonidan jinoyat natijasida yetkazilgan zarar va to‘lanmagan soliq to‘lovlarining 1,007 mlrd. so‘mi hamda 31.221.680 AQSH dollari tergov davrida undirilgan, aybdor shaxlar esa sud hukmi bilan tegishli javobgarlik choralariga tortilgan. Ko‘rilayotgan choralarga qarmasdan hamon mansabdor shaxslarning tamagirligi, o‘z mansabini suiiste’mol qilishi, o‘z manfaatlarini jamiyat manfaatlaridan ustun qo‘yish singari illatlar respublikamizda tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan asosiy omillar bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-2003-yillar davomida respublikamizning barcha viloyatlari va tumanlarida tadbirkorlik subyektlari orasida o‘tkazilgan so‘rovlarda tadbirkorllik subyektlari o‘z faoliyatlarini boshlash, tegishli ruxsatnomalar olish va qonun bilan berilgan erkinliklardan foydalanishda mansabdor shaxslarning tamagirligi, suiiste’molliklariga ko‘plab duch kelishlarini ko‘rsatishgan. 2003 yilda davlat boshlig‘ining topshirig‘i bilan tadbirkorlik faoliyatini boshlash va ruxsat beruvchi tartibotlarni soddalashtirish maqsadida Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida Nizom ishlab chiqildi. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20.08.2003y. 357-son qarori bilan tasiqlandi. Qaror tadbirkorlik faoliyati subyektlarini rasmiylashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda birinchidan, rozilik beruvchi tashkilotlar soni keskin qisqartirilishi; ikkinchidan, barcha kelishib olish tartibotlari tadbirkorlik subyektlarini amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilgan holda ro‘yxatdan o‘tkazadigan faqat bitta tashkilot doirasida amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida Nizom tadbirkorlik subyektlarini bir paytning o‘zida davlat soliq va statistika organlarida hisobga qo‘ygan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida, viloyat adliya boshqarmalarida, tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va muddatlarini; obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun zarur bo‘lgan ruxsat beruvchi hujjatlarni, shu jumladan muhandislik kommunikatsiyalariga (gaz bilan ta’minlash, energiya bilan ta’minlash, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya, issiqlik bilan ta’minlash, telefon aloqasi) ulanish uchun texnik shartlarni vakolatli organlarda va foydalanish tashkilotlarida rasmiylashtirish, tadbirkorlik faoliyati uchun turar joy binolarini noturar joy toifasiga o‘tkazishni rasmiylashtirish tartibi va muddatlarini belgilaydi. Bunday tartibning belgilanishi mansabdor shaxslarning tamagirligi, suiiste’molligi va boshqa korrupsiyaviy qilmishlarning keskin kamayishiga xizmat qiladi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, davlat boshqaruvi organlari va respublika ahamiyatidagi yirik kompaniyalar rahbariyati tomonidan respublikamiz manfaatlariga zid bitimlar tuzish va boshqa korrupsiyaviy qilmishlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan aniqlanib aybdor shaxslar javobgarlik choralariga tortilayotgan bo‘lsada, aksariyat korrupsiyaviy qilmishlar latentligicha qolmoqda. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra jami korrupsiyaviy qilmishlarning o‘rtacha 3-4% aniqlanadi. Aniqlangan korrupsiyaviy qilmishlarda aybdor shaxslarning esa ko‘pchiligi qilmishiga yarasha javobgarlikka tortilmaydi. Korrupsiyaviy jinoyatchilikka qarshi sifatli va samarali kurashish uchun davlatning korrupsiyaviy jinoyatchilikni oldini olish borasida tizimlashgan chora-tadbirlarini ishlab chiqish lozim. Shu bilan birga mazkur chora-tadbirlarda korrupsiyaga qarshi fuqarolik jamiyati instiututlari bilan keng hamkorlik qilinishi nazarda tutilishi shart bo‘ladi. Davlatning korrupsiyaga qarshi kurash dasturida quyidagilar:
Bugungi kunda ijtimoiy ongda mamlakatda korrupsiyaga qarshi jiddiy kurash olib bormay turib jamiyat va davlat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga, islohotlarning muvaffaqiyat bilan yakun topishiga erishish mumkin emasligi to‘g‘risida fikr qaror topgan. Darvoqe, davlat va xalq o‘rtasidagi ishonch deb atalmish uzvning ham mustahkam bo‘lishi davlat xizmatchilarining o‘zini nechog‘lik korrupsiyadan tiyilganligiga bog‘liq. Korrupsiya to‘g‘risida ko‘p va muhim bo‘lgan ma’lumotlarni yozish mumkin. Biroq ularni mazmunan hozirgi paytda xorijiy va xalqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi dasturlar va loyihalarda takrorlanib turadigan “Korrupsiya barq urgan jamiyatda ozodlik uzoq vaqt hukm surishi mumkin emas” degan jumla bilan ifodalash mumkin. Xudoyor Meliyev
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xodimi
Hayot va qonun 2004 y. 1-son
|