O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash nafaqat aholini ish bilan ta’minlashda, balki mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda ham muhimdir

         
          Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning shu yil 5 yanvardagi “Yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilikni rivojlantirish asosidagi ishlab chiqarish va xizmatlar o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda hukumatning tegishli qarori buning yana bir yorqin dalilidir. Zero, mazkur hujjatlarni hayotga tatbiq etish orqali bir qator vazifalarni    ro‘yobga    chiqarish ko‘zda tutilgan. Xususan, ish bilan band bo‘lmagan aholini ishlab chiqarishga jalb qilish, oila budjeti daromadlarini ko‘paytirish, uy mehnatidan  foydalangan holda   butlovchi    qismlar,   tayyor mahsulotlarning ayrim turlarini ishlab chiqarish va ba’zi bir xizmatlar   ko‘rsatishni   tashkil etish yo‘li bilan yirik sanoat korxonalari faoliyati samaradorligini oshirishga erishish mumkin.
          Shuningdek, hukumat qarori bilan birga kasanachilik to‘g‘risidagi Nizom ham tasdiqlandaki, u respublikada kasanachilikni tashkil etish shartlarini, shuningdek, kasanachilar bilan mehnat shartnomalarini tuzish  tartibini, ularga asbob-uskunalar, jihozlar, xomashyo va materiallar berish, mehnatiga haq to‘lash hamda muhofaza qilish, kasanachilarni ijtimoiy sug‘urta qilish tartibini va ish beruvchilar uchun belgilangan soliq imtiyozlari qo‘llanilishi ustidan nazorat qilish mexanizmini belgilaydi.
          Farmon   va   qarorning qabul qilinishi, ya’ni,  yirik sanoat korxonalari bilan kasanachilar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarining mustahkamlanishi, ularda ko‘rsatib o‘tilganidek, oila budjeti daromadlarini oshirishdek muhim  muammoni hal etish, ish bilan band bo‘lmagan  aholi  sonini  keskin qisqartirish va uning faol qismini ishlab chiqarishga jalb etish imkonini beradi.
           O‘z-o‘zidan “Kasanachilik aslida nima?”, "Qanday qilib bu turdagi faoliyat mamlakat iqtisodiyotiga o‘z hissasini qo‘shishi mum­kin?" degan haqli savollar tug‘ilishi mumkin. Keling, bunga izoh  berib o‘taylik.
          Kasanachilik — 16 yoshdagi va undan katta yoshdagi (agarda kasanachilik xususiyati kasanachi bilan to‘liq, yakka tartibdagi moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuzilishi zarurligini talab etsa, 18 yoshdagi) jismoniy shaxs, ya’ni kasanachi tomonidan ish beruvchi bilan shartnoma asosida ish beruvchining ishlab chiqarish joyidan tashqarida, o‘z uyida yoki o‘ziga yoxud uning oila a’zolariga tegishli boshqa joyda ish beruvchining buyurtmasiga binoan mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish maqsadida ishlarni bajarish bilan bog‘liq  faoliyat hisoblanadi.
          Ma’lumki, qishloq, joylaridagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni ish bilan ta’minlash davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Qabul qilingan ikki hujjatda ham ana shu jihatlar o‘z aksini topgan. Boshqacha aytganda, mehnatning bu turi qishloq joylarida ayollar, shuningdek, "Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasida ko‘rsatilgan fuqarolar toifalari, ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan shaxslar, shu jumladan, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan va nogiron bolalari bor yolg‘iz ota, yolg‘iz onalar hamda ko‘p bolali ota-onalar; ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar; O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qo‘shinlaridan bo‘shatilganlar; nogironlar va pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar; jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qarori bilan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun ustuvor tartibda tashkil etiladi.
          Kasanachilik ishlab chiqarish sohasida kiyimlar tikish(alohida elementlarini), ularni ta’mirlash, matolarni bo‘yash, gilamlar ishlab chiqarish(gilam mahsulotlari), to‘qimachilik (iplar, milliy matolar), poyabzal tikish (kosibchilik), ko‘p mehnat talab qiladigan ko‘maklashish operatsiyalarini (turlariga ajratish, tozalash, qadoqlash), elektrotexni­ka vositalarini (ehtiyot qismlarini) yirish va boshqa turlarda ham amalga oshirilishi mumkin. Xizmat ko‘rsatish sohasida esa, u mashinada terish xizmatlari (matnlar va ma’lumotlarni terish, matnlarni tahrirlash va o‘girish), hisob-fakturalarini tayyorlash, konvertlarni manzillashtirish va to‘ldirish, pochta jo‘natmalari hamda reklama tayyorlash, taomlar tayyorlash, chorvachilik, parrandachilik va hokazolar bo‘yicha qo‘llanilishi mumkin.
          Korxonalarning buyurtmalari kasanachilar tomonidan faqatgina ishlarni bajarish uchun zarur uskunalar yetkazib berish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish tizimini tashkil etish, asboblar, jihozlar, materiallar va yarim fabrikatlar bilan ta’minlash, kasanachilarni majburiy tarzda texnika xavfsizligiga o‘qitish hamda buyurtmachi talab qilgan sifat standartlari asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashib ketish, bajarilgan ish uchun hisob-kitob qilish bo‘yicha korxonalarning kasanachilar oldidagi kafolat va majburiyatlari nazarda tutiladigan mehnat shartnomasi asosida bajariladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Farmon  va  qaror talablariga ko‘ra, kasanachilarga ko‘pgina imtiyoz, qulaylik hamda imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Xususan, korxonalar bilan mehnat shartnomasini imzolagan kasanachilar ishlayotgan aholi toifasiga kiradilar. Ularga, o‘z navbatida, mehnat daftarchasi beriladi. Kasanachilarga pensiyalar va ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha nafaqalar tayinlash paytida ular ishlagan vaqt mehnat stajiga qo‘shiladi. Ularni korxonaning boshqa ishchilari bilan tenglashtirish maqsadida korxona jamoa shartnomasi shartlari kasanachilarga ham tatbiq  etilishi belgilab qo‘yilgan.
          Kasanachilik faoliyati amalga oshirilayotgan turar-joylarni yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish talab etilmasligi ham ularni ortiqcha rasmiylashtirish jarayonidan forig‘ etib, vaqtini tejaydi.
          Albatta, ma’lum ishlar va xizmatlarni bajarish uchun kasanachilarga asbob-uskunalar va boshqa vositalar ham kerak bo‘ladi. Mehnat shartnomasi asosida korxonalar kasanachilarga buyurtma bo‘yicha mahsulot ishlab chiqarishni va xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish uchun asbob-uskuna, jihoz hamda inventarlarni tekin yoki ijara sharti bilan berish, jumladan, lizing (moliyaviy ijara) asosida taqdim etishlari mumkin. Lekin. fuqarolarning salomatligi va xavfsizligini ta’minlash, iste’molchilarga sifatli mahsulot va xizmatlar yetkazish maqsadida maxsus texnika xavfsizligiga amal qilishni taqozo etadigan, uy sharoitida nazorat qilish imkoni bo‘lmagan, kuchli tok bilan ishlaydigan, katta energiya talab qiladigan, texnik jihatdan murakkab uskunalarni, shuningdek, xavfli kimyoviy birikmalarni kasanachilarga berish, ijara va lizing asosida taqdim qilish, ulardan uy sharoitida foydalanish, qonun hujjatlarida belgilangan faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishga litsenziya talab qilinadigan faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi. Yong‘in xavfsizligining belgilangan qoidalariga, sanitariya va gigiyena normalariga, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga, shuningdek, kasanachilarning uy-joy-maishiy sharoitlari xususiyatlariga muvofiq, kasanachilikning ayrim turlariga yong‘in va sanitariya inspeksiyasi, Davlat mehnat texnik inspeksiyasi ruxsati bilangina yo‘l qo‘yilishi mumkin.
          Kasanachining korxona buyurtmasini bajarishda vaqtini, ortiqcha sarf talab qilishi mumkin bo‘lgan mablag‘larini tejash maqsadida ish beruvchi o‘zining buyurtmasini bajarishi uchun zarur bo‘lgan xomashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlarni kasanachiga berish hamda ularni yetkazishni ta’minlashi shartligi, kasanachi ham, o‘z navbatida, buyurtmani bajarishi uchun xomashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlarni mustaqil ravishda sotib olishga haqli emasligi alohida belgilab qo‘yilgan.
          Kasanachilar tomonidan korxonaning buyurtmasi bajarilib, korxonaga qaytarilayotgan vaqtda ular bajargan mahsulotlar, ishlar yoki xizmatlar ulgurji savdo hisoblanmasdan, ularga nisbatan ortiqcha litsenziyalar talab qilinmasligi va ular tomonidan ishlab chiqarish texnologiyasiga to‘liq amal qilingan taqdirda, uy sharoitida ishlab chiqarilgan mahsulotlar va xizmatlarni qo‘shimcha sertifikatlash va standartlash talab etilmasligi ularning ortiqcha vaqti va mablag‘larini tejaydi.
          Xo‘sh, mahsulotlar, ishlar va xizmatlar kasanachilar tomonidan bajarilib, iste’molchilarga korxona tomonidan yetkazilar ekan, uning sifatiga kim javob beradi? Farmonda masalaning mana shu jihati ham e’tiborga olingan. Ya’ni, uyda ishlab chiqarilgan mahsulot sifati bo‘yicha belgilangan standartlarga rioya qilish bo‘yicha mas’uliyat, u sanoat korxonalariga qaytarilganda — kasanachilar zimmasiga, oxirgi iste’molchiga sotishda esa — sanoat korxonasi zimmasiga yuklanadi.
          Kasanachi tomonidan bajarilgan ishlarga, korxona tomonidan ularning bajargan ishlariga qarab, ishbay haq to‘lanadi. U ma’lum turdagi faoliyat bilan shug‘ullanganda, albatta, xarajat ham qiladi. Shu sababdan ular korxonadan o‘z mehnatiga yarasha haq  olishdan tashqari quyidagi to‘lovlarni (kompensatsiyalarni) oladi: ish bilan borliq ravishda energiya, suv, aloqa, mashina va asbob-uskunalarga xizmat ko‘rsatish hamda ularni ta’mirlash, transport xarajatlari uchun; transport xarajatlari va ulardan foydalanish xarajatlari amortizatsiyasi, shuningdek, ish beruvchining buyurtmasini bajarish uchun foydalaniladigan va kasanachining o‘z mulki hisoblangan jihozlar va boshqa asbob-uskunalar amortizatsiyasi uchun.
          Lekin shu bilan birga, korxona tomonidan kasanachining kasanachilik ishlari amalga oshiriladigan xona(uy-joy) uchun to‘lov xarajatlari xamda uy-joydan foydalanish xarajatlari qoplanmasligi xam belgilab qo‘yildi.
          Bir narsani ochiq aytish kerak. Hozirgi kunda qaysi bir faoliyat turi bo‘lmasin, ular, albatta, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiriladi. Farmonda kasanachilarga bu borada xam erkinlik berilayotgani e’tiborlidir. Ya’ni, ularning faoliyati faqatgina buyurtmachi-korxona qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirilgandagina amalga oshiriladi. Boshqa hollarda esa, ushbu organlar tomonidan kasanachilarning ortiqcha vaqtini olib, ish unumdorligini tushirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
          Qabul qilingan hujjatga ko‘ra, faqat kasanachilarga nisbatan imtiyozlar nazarda tutilmagan, balki tovarlar (ishlar va xizmatlar) ishlab chiqarish bo‘yicha ularga buyurtma beradigan korxonalarga ham yengillik yaratilgan. Masalan, bunday korxonalar joriy yilning 1 fevralidan boshlab besh yil muddatga, mehnat shartnomasi asosida kasanachilarga to‘lanadigan mablag‘larga teng miqdorda, mehnatga haq to‘lash fondidan yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashdan ozod qilinishi hamda mehnat shartnomasiga ko‘ra buyurtma berayotgan korxona tomonidan kasanachilarga ishlarni bajarish maqsadida tekin foydalanishga berilgan asbob-uskunalar, jihozlar va inventarlar ulardan foydalanish davrida mulk solig‘idan ozod qilinishi belgilab  qo‘yildi. Berilgan bunday imtiyozlar, o‘z navbatida, kasanachilar bilan shartnoma asosida ishlab chiqarishni amalga oshirayotgan sanoat korxonalari uchun rag‘batlantirish xamdir.
          Rag‘batlantirishda korxonalar uchun, avvalo, iqtisodiy manfaat yotadi. Ya’ni, ular o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun kasanachi bilan mehnat shartnomasi tuzadigan bo‘lsa, yuqorida nazarda tutilgan imtiyozlarga ega bo‘ladi, imtiyozlar orqali tejab qolgan summani o‘z faoliyatini rivojlantirishga sarf qilishi, past rentabelli va ko‘p mehnat sarfi talab qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayoniga ketadigan vaqtni, asosiysi, unga sarflanadigan mablag‘larni tejashi, natijada mahsulot tannarxini pasaytirishga erishishi mumkin.
          Shu o‘rinda, kechagi kasanachilik faoliyati bilan bugungi kasanachilik faoliyati o‘rtasidagi farq xususida ham ikki og‘iz aytib o‘tish joiz. Avvallari O‘zbekiston Respublikasida kasanachilikni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom mavjud edi. Ana shu Nizomga muvofiq, ish beruvchi bilan. kasanachi mehnat shartnomasi bo‘yicha faoliyat ko‘rsatishi aholining qaysi qatlamlari kasanachilik bilan shug‘ullanishlari mumkinligi, unga haq to‘lash tartiblari nazarda tutilgandi. Ammo unda yaqinda qabul qilingan Prezident Farmoni va hukumat qarorida belgilab berilgan imtiyozlar, rag‘batlantirishlar mavjud emasdi.
          Ta’kidlash kerakki, agarda fuqarolar yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan faoliyatni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida amalga oshirmoqchi bo‘lsalar, quyidagilarni bajarishi  lozim:
          Yakka tartibdagi tadbirkor, avvalo, o‘z faoliyatini boshlashdan oldin qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tishi shart; bunday faoliyat turi bilan shug‘ullanish uchun yakka o‘zlari faoliyat yuritishlari lozim (kasanachi esa o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun oilasidagi kishilarni ham jalb qilishi mumkin); yakka tartibdagi tadbirkor mahsulotlar ishlab chi-qarish, xizmatlar bajarish bilan o‘z turar-joyida shug‘ullanadigan bo‘lsa, ushbu joyni yashash uchun mo‘ljallanmagan joy toifasiga o‘tkazishi shart; eng muhimi, yakka tartibdagi tadbirkor qat’iy belgilangan soliqlarni to‘laydi, shuningdek, u nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda vaqtda va tartibda tekshiriladi.
          Prezident Farmoni va hukumat qarori bilan tegishli vazirlik, idoralarga ham 2006-2007 yillar va keyingi yillarga mo‘ljallangan aholini ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik va raqobatni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirish hududiy dasturlarida kasanachilik mehnatini rivojlantirishga doir chora-tadbirlarni nazarda tutishi bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgan.
          Ana shu hujjat hayotga keng tatbiq etilsa, bu oilaviy pudratni rivojlantirish, fuqarolarga vaqtdan unumli foydalanish, shu bilan birga, past rentabelli va ko‘p mehnat sarfi talab qilinadigan mahsulotlarning ayrim turlarini uy sharoitida ishlab chiqarishni o‘zlashtirish imkonini beradi. Qolaversa, yirik korxonalarning ish samaradorligini oshirish bilan bir qatorda mamlakat iqtisodiyoti rivojiga ham munosib hissa qo‘shadi.
          Farmon va qarorning yana bir muhim jihati shundaki, kasanachilikni rivojlantirish orqali ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan, yo‘qolib ketishi arafasida bo‘lgan hunarmandchilikning ayrim turlarini — kosibchilik, zardo‘zlik, do‘ppido‘zlik, duradgorlik, temirchilik va hokazolarni saqlab qolishimiz va ularni kelgusi avlodlarga yetkazishimiz, qisqasi, an’analarimiz va urf-odatlarimizni yanada takomillashtirishimizga yordam beradi.
          Bo‘ritosh  MUSTAFOYEV,
          O‘zbekiston  Respublikasi
          Adliya vaziri.
          
          «Íàðîäíîå ñëîâî», 21 (3890)-son  2006 y. 1 fevral.
Aloqaga chiqish Sayt shemasi