O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Sanksiya vakolati: Kafolat va imkoniyat

Sanksiya vakolati: Kafolat va imkoniyat

Mamlakatimizda sud-huquq islohotlarini amalga oshirishga ustuvor vazifa sifatida qaralayotganligi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlashning yorqin namunasidir. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, sud odil sudlovning oliy nuqtasi va uning rolini oshirish huquqiy davlat barpo etish yo‘lidagi qonuniy jarayon. Shu munosabat bilan prokuratura vakolatlarining bir qismini sudlarga o‘tkazish hozirgi zamonning mantiqiy talabidir. Va bu, eng avvalo, insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, daxlsizligini cheklash bilan aloqador masalalarga tegishlidir. Boshqa demokratik davlatlar kabi O‘zbekistonda xam shaxsni ushlab turish, hibsga olish, shuningdek, boshqa protsessual majburiy choralarini qo‘llash uchun sanksiya berish huquqlarini ham sudlarga o‘tkazish kerak, deb o‘ylayman.

Davlatimiz rahbarining "Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida"gi Farmonini qabul qilish zaruriyati Konstitutsiyamizning asosiy g‘oyasiga, ya’ni inson huquqlari, demokratiya va ijtimoiy adolatga va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari ustunligiga to‘liq mos keladi. Eng asosiysi, mazkur Farmonning qabul qilinishi Kon­stitutsiyaviy me’yorning hayotiy ifodasini toptirishning isbotidir.
Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish milliy huquqiy tizimda ro‘y bergan muhim yangilik hisoblanadi. Mustaqillikka erishgan davrimizdan boshlab an’anaviy qo‘llanib kelinayotgan huquq me’yorlarini inson huquqlari va erkinliklarini xar tomonlama sud orqali himoya qilishni ta’minlash nafaqat bugungi avlod, balki kelgusi avlod uchun olamshumul ahamiyatga molikdir.

Chunki "Sudlar to‘g‘risida"gi qonunning 2-moddasida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonunlarida, inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro hujjatlarda e’lon qilingan fuqarolarning huquq va erkinliklarini, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud yo‘li bilan himoya qilishga da’vat etilgan. Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgandir.

Shu bois, sud — huquqiy himoyani inson huquqlari va erkinliklari nuqtai nazardan amalga oshirilishini ta’minlash milliy qonunchiligimiz negizini tashkil etadi. Ayniqsa, sud-huquq tizimini liberallashtirishda sudgacha tergov bosqichida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini samarali himoya qilish bo‘yicha sud vakolatlarini kengaytirishga erishilayotganligini ulkan muvaffaqiyat deb baholash lozim. Xususan, qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini prokuratura idoralaridan sudlarga o‘tkazilishi inson huquqlarini ishonchli tarzda tezkorlik bilan himoya qilishda mohim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu borada amalga oshirilgan ishlar natijasi shundan dalolat bermoqdaki, dastlabki tergov muddatlari ikki yildan bir yilgacha hamda ayblanuvchilarni qamoqda saqlash muddatlari bir yarim yildan 9 oygacha, alohida hollarda esa 1 yilgacha qonun yo‘li bilan qisqartirildi. Bundan tashqari, ushbu ehtiyot chorasini qo‘llash doirasini cheklashga erishildi. Fuqarolarni qamoqqa olish tariqasidagi ehtiyot chorasidan foydalanish so‘nggi 4 yilda ikki baravaridan ko‘proqqa qisqartirilgani ham sudgacha tergovda inson huquqlarini himoya qilishni ta’minlashga imkoniyat yaratdi.

Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazilishi bir qator afzalliklarga ega Birinchidan, sudgacha tergovning erkinlashtirilishi o‘z navbatida odil sudlovning tezkorligini va sifatini oshirishga yordam beradi. Ikkinchidan, sud protsessi ishtirokchilari huquqlariga rioya etilishining protsessual kafolatlarini kengaytirishga imkon yaratadi. Uchinchidan, sudgacha tergov jarayonida sud nazoratini kuchaytirishga sharoit vujudga keladi. To‘rtinchidan, inson shaxsiy hayoti eng oliy qadriyat sifatida uni asossiz qamoqqa olishni oldini olish choralarini ko‘rish kafolati bo‘lib hisoblanadi.

Bundan tashqari, shaxsning huquq va erkinliklari daxlsizligi hamda sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emasligi kabi ustuvor normalarning hayotiy tantanasini ta’minlaydi. Shunindek, fuqarolarning asossiz jinoiy ta’qibdan himoyasini ta’minlash maqsadida qonunda belgilangan choralarni ko‘rishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Farmon mohiyatiga ko‘ra, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish tamoyili huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari yo‘nalishlariga ham aynan mosdir. Kezi kelganda shuni e’tirof etish kerakki, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijalaridan biri sifatida qabul qilingan ushbu Farmon xalqaro huquqiy hujjatlarga, xususan, inson huquqlarini himoya qilishga oid xalqaro konvensiyalar mazmun-mohiyatiga to‘liq mos. Xalqaro tan olingan qoidalarga asosan, huquq va erkinliklarning ko‘pchiligiga fuqarolar tabiiy ravishda ega  bo‘ladi. Davlatning insonparvarlik vazifasi eng avvalo, qonunlarda mustahkamlangan huquq va erkinliklarning amalga oshirishni ta’minlashdir, qolaversa, qonunlarning falsafasini inson huquqlari nuqtai nazaridan boyitish obyektiv zarurat ekanligiga qaratilgandir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bugun O‘zbekistonda shaxs erkinligi inson huquqlarining muhofazasi va kafolati, e’tiqod, mehnat va kasbni erkin tanlash huquqi, ta’lim olish, ijtimoiy muhofaza va boshqa imkoniyatlar qonun bilan himoya qilingan. O‘zbekistonda inson uchun, eng oliy ne’mat — yashash huquqi va osoyishta hayot kechirishi to‘la ta’min etilgan. Xar qanday qonun, harakat sohasidan qat’i nazar, ishlab chiqilayotgan va muhokama etilayotgan paytda insonning asosiy, buzilmas huquqlariga qanchalik mos kelishiga e’tibor qaratish zarur. Ana shu tamoyillarga og‘ishmay rioya etgan holda biz chin ma’noda huqukiy, adolatparvar davlat qurishga erisha olamiz.

Shu jihatdan Farmon qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazishning asosi bo‘lib xizmat qilibgina qolmay, insonparvarlik tamoyilini ro‘yobga chiqarishning yorqin dalolatidir.

Sh. Ruzinazarov, yuridik fanlari doktori
Aloqaga chiqish Sayt shemasi