O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Mustaqillik va huquq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Bo‘ritosh Mustafoyev bilan suhbat

Istiqlolimizning 15 yilligiga

    Kuch — adolatda.  Prezidentimiz Islom Karimov mustaqillikning dastlabki davridayoq  buyuk bobomiz, Sohibqiron Amir Temurning ushbu hikmatli so‘zlarini rivojlantirib «Adolat  —  qonun ustuvorligida» deb ta’kidlagani zamirida ayni shu hayotiy tamoyilga qat’iy amal qilib yashash zarurligiga da’vat etuvchi oddiy, ayni chog‘da,  muhim haqiqat mujassamdir.

    O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Bo‘ritosh MUSTAFOYEV bilan mamlakatimizda qonun, adolat va haqiqat ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bunda fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishning o‘rni va ahamiyati haqida  suhbatlashdik.

    — Mamlakatimizda huqu­qiy madaniyatni yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan, — deydi B.Mustafoyev. — Zotan, demokratlashtirish jarayonida faol ishtirok etish, fuqarolik jamiyatini shakl­lantirish har bir yurtdoshimizdan yetuk huquqiy madaniyat sohibi bo‘lishni taqozo etadi. Binobarin, o‘z haq-huquqini puxta bilgan insongina, avvalo, oilasi, farzandlari, yurtdoshlari huqu­qini, qolaversa, Vatan mustaqilligini himoya qilishga qodir bo‘ladi.
    O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy va konstitutsiyaviy asoslari mustaqilligimizning ilk bosqichidayoq shakllantirila boshlandi. MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib yurtimizda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombud­s­man) to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tashkil topdi. Ko‘ppartiyaviylik tizimi singari, o‘zida mamlakat aholisining barcha qatlamlari manfaatlarini ifodalagan demokratik institutlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari keng faoliyat yuritayotir. Ommaviy axborot vositalarining erkin rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Biznes va tadbirkorlik, fermerlik, kasanachilik, xalq hunarmandchiligi rivojiga keng yo‘l ochilgan.
    G‘oyatda qizg‘in kechayotgan ushbu ijtimoiy-siyosiy jarayonda xalqimizning huquqiy madaniyatini oshirish, qabul qilinayotgan qonunlar, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiya­tini aholining barcha qatlamlari ongiga yetkazish oldimizda turgan dolzarb vazifalarning eng muhimlaridandir. Hozirgi kunda hayotimizning turli jabhalarida bo‘lgani kabi qonun ijodkorligi sohasini ham erkinlashtirishga qaratilgan tub islohotlar amalga oshirilmoqda.       Ana shu ijobiy o‘zgarishlar natijasida qabul qilinayotgan qonun hujjatlari zamirida odamlar haqida g‘amxo‘rlik o‘z mujassamini topayotir.
    Qonun hujjatlarining mazmunidan, ayni chog‘da, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qamrovi keng  islohotlardan, xususan, davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimidagi demokratik yangilanishlardan jamiyatning batafsil xabardor bo‘lishi, fuqarolarning huquqiy madaniyati va ma’rifiy saviyasi yuksalishi jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etish jarayonlarini yanada chuqurlashtirishning g‘oyat muhim sharti bo‘lib qolmoqda.
    Bu borada Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda.  Joylarda  adliya idoralari tomonidan joriy yilning birinchi choragida 10 mingdan ziyod, o‘tgan yili esa 30 mingdan ortiq huquqiy targ‘ibot ishlari, yuzlab ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida huquqiy mavzularda yuzlab chiqishlar tashkil etilgani shundan dalolatdir.
    Yil boshidan buyon o‘ttizdan ortiq ommabop huquqiy adabiyot, o‘quv-uslubiy qo‘llanma va darsliklar nashr qilindi. 2005 yilda esa 151 nomda kitob chop etilgandi.
    Bu ishlarimizning barchasi bugungi kunda kishilarimizning huquqiy savodxonligi va siyosiy madaniyatini oshirish, fuqarolar xilma-xil huquqiy axborotlardan kengroq foydalanishi uchun imkoniyat yaratish, dolzarb  siyosiy-huquqiy muammolarni atroflicha muhokama qilishda muhim rol o‘ynashi tabiiy.
    Yaqinda tashkil topgan yangi davriy nashr — «Huquq va burch» ijtimoiy-huquqiy jurnali ham o‘z oldiga qo‘yilgan maqsadlardan kelib chiqib, jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida davr ruhi bilan hamohang tarzda ijtimoiy-siyosiy hamda huquqiy o‘zgarishlarni xalqimizga to‘la-to‘kis yetkazish, davlat va jamiyat o‘rtasida xolis vositachi sifatida faoliyat yuritishdek sharafli vazifani zimmasiga olgan. Prezidentimizning: «Mustaqillik huquqdan boshlanadi», degan da’vati yangi nashr faoliyati asosiy yo‘nalishlarini belgilashda dasturilamal bo‘lmoqda.
    — Vazirlik huzurida yangi tashkil etilgan mustaqil axborot-tahlil muassasasi — Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazi faoliyati haqida ham so‘zlab bersangiz.
    — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 15 dekabrdagi qaroriga muvofiq Adliya vazirligi huzurida Normativ-huquqiy hujjatlarning amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazi tashkil etildi.
    Markazni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yurtimizda shakllantirilayotgan huquqiy, qonunchilik bazasining va huquqni qo‘llash amaliyotining mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash maqsad va vazifalariga muvofiqligini ta’minlash ustidan izchil monitoring olib borishdir.
    Markaz zimmasiga qator mas’uliyatli vazifalar yuklangan. Jumladan, Markaz qonun ijodkorligi, mamlakatimiz huquqiy bazasini rivojlantirish va isloh qilishga daxldor idora, tashkilot va muassasalarning shu yo‘nalishdagi faoliyatini tizimli ravishda tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. U ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, gumanitar hamda boshqa faoliyat sohalarida demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash das­turlarining vazirliklar va idoralar tomonidan bajarilishini monitoring qilib boradi. Bu boradagi ishlarning amalga oshirilayotgan islohotlar maqsad va vazifalariga, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha talablarga, xalqaro normalar va standartlarga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligini baholaydi.
    Markaz huquqni qo‘llash amaliyotini tizimli ravishda tahlil etadi, yangilanayotgan va yangi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, shu jumladan, prokuratura va sudlovni yuritish organlari,  Adliya vazirligi bo‘linmalari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida qay darajada amalga oshirilayotganini muntazam nazorat qiladi.
    Jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalashning maqsad va vazifalarini hisobga olgan holda, islohotlarning huquqiy, qonunchilik bazasini yangilash va rivojlantirish, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, huquqiy tartibga solishning yaxlitligi, tizimliligini, qonunchilik normalarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish ham ushbu Markaz zimmasidagi asosiy vazifalar sirasiga kiradi.
    Boshqacha aytganda, huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati uchun eng muhim mezonni yaratish, ya’ni har bir ijtimoiy munosabat subyektining huquq va erkinliklari doirasini, harakatlanish chegarasini qonunlashtirib olishimiz uchun faqat qonun ijodkorligining o‘zi kifoya qilmaydi. Buning uchun qonunlar ijrosini puxta ta’minlash ham talab etiladiki, unga ko‘ra, bir tomondan, amaldagi qonunlar bajarilishining samarali mexanizmini yaratish, ikkinchi tomondan, qonunga barchaning so‘zsiz itoat etishi jarayonini xolis kuzatib borish zarur bo‘ladi. Vazirligimiz tizimidagi yangi tuzilma ana shunday jiddiy va muhim  faoliyatni amalga oshirishga da’vat etilgan.
    —Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida vazirlik tomonidan qanday  chora-tadbirlar ko‘rilayapti?
    — Vazirligimiz tomonidan kichik va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ishbilarmonlar uchun qulay iqtisodiy muhit yaratish va ularni ishonchli huquqiy himoya qilish tizimini barpo etish hamda iqtisodiy islohotlarni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish borasida aniq va ta’sirchan mexanizm amalga oshirilmoqda.
    Avvalo, ushbu yo‘nalishda qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish, yangi qonunlar tayyorlash va qabul qilish, shuning­dek, iqtisodiyotni yanada erkinlashtirishga ko‘maklashish maqsadida Oliy Majlisning qonunchilik palatasi va Senati, davlat boshqaruvi idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat etuvchi organlar bilan hamkorlik kuchaytirildi.
    Prezidentimizning 2005 yil iyun oyidagi iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan farmonlari va qarorlari joylarda qanday ijro etilayotganini tanqidiy va tizimli ravishda o‘rganish, shuningdek, tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalari ushbu sohalarda qonunbuzarlik holatlariga haligacha yo‘l qo‘yilayotganini ko‘rsatmoqda.
    Xususan, joriy yilning birinchi choragidagi o‘rganishlar davomida 39 holatda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini noqonuniy tugatish va to‘xtatib qo‘yish, 185 holatda faoliyatning ayrim turlari bilan shug‘ullanish litsenziyalarini (ruxsatnomalarini) noqonuniy ravishda sud qarorisiz o‘n ish kunidan ko‘p muddatga to‘xtatib qo‘yish yoki amal qilishini tugatish faktlari aniqlandi. Bunday qonunbuzarliklar Jizzax, Andijon, Surxondaryo  viloyatlarida va Toshkent shahrida ko‘p sodir etilgan.
    Yurtimizda 2005 yilning 1 iyulidan boshlab tadbirkorlik subyektlariga nisbatan banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish va moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash faqat sud orqali amalga oshirilishini ko‘zda tutuvchi yangi, tadbirkorlar manfaatiga qaratilgan tartib joriy etilgan. Shunga qaramay, ayrim nazorat qiluvchi idoralar tomonidan 190 holatda noqonuniy ravishda bevosita o‘z qarorlari bilan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash, 52 holatda banklardagi hisob operatsiyalarini to‘xtatib qo‘yish kabi qonunbuzarliklar sodir etilganligi aniqlandi.
    Misol uchun poytaxtimizda faoliyat yuritadigan «Alqur», «SAD-KO», «FAZLIDDIN OTA», «Ablaz do‘st», «Vorisxon ota» kabi oltmishdan ziyod tadbirkorlik subyektiga nisbatan Bektemir tuman davlat soliq inspeksiyasining qarorlari asosida qonunchilik talablariga zid ravishda moliyaviy jazo choralari qo‘llanilgan.  Toshkent shahar adliya boshqarmasining joriy yilning 10 fevralidagi tegishli taqdimnomasiga muvofiq ushbu qarorlarning barchasi bekor qilindi.
    Joylarda bunday qonunbuzarliklar nafaqat soliq idoralari, shu bilan birga, hokimliklar, nazorat qiluvchi va boshqa ma’muriy idoralar faoliyatida ham uchrayotgani achinarlidir. Tashvishli jihati shundaki, bu kabi noqonuniy harakat yoki harakatsizliklar ko‘p hollarda aynan mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilayotganligi fuqarolarimizning tadbirkorlik faoliyati bilan emin-erkin shug‘ullanishiga, yurtimizda tadbirkorlikning hozirgidan ham ko‘ra keng quloch yoyishi yo‘lida to‘siq bo‘lmoqda.
    Adliya vazirligi va uning joylardagi idoralariga joriy yilning birinchi choragida qonuniy huquq va manfaatlari buzilgan tadbirkorlardan 3987 ariza va shikoyat kelgan. Ularni ko‘rib chiqish natijasida 2880, ya’ni 72,2 foiz murojaat o‘z tasdig‘ini topdi va tadbirkorlarning huquqlari tiklandi. Shuningdek, «ishonch telefonlari» orqali qilingan 379 murojaatning 164 tasi bo‘yicha shikoyatchilarning huquqlari tiklandi, 217 murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
    Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish, mablag‘larini noqonuniy jalb etish, ro‘yxatga olish, kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, gaz, elektr energiyasi, suv ta’minoti vaqtida va to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi, turar joylarni noturar joylarga aylantirish, yer ajratish va ularni hujjatlashtirish jarayonlarida o‘tgan yillarda aniqlangan byurokratik to‘siqlar sezilarli darajada kamayganini e’tirof etish o‘rinlidir.
    Ammo, bu kabi holatlarga joylarda butunlay chek qo‘yilmaganligini inobatga olgan holda, mazkur yo‘nalishdagi ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda.
    — O‘zbekistonda o‘z ishini ochgan xorijiy investorlar va chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar huquq va manfaatlari himoya­siga qanday  e’tibor berilyapti?
    — Bu boradagi faoliyat adliya idoralari zimmasiga yuklatilgan vazifalar sirasiga kiradi va ushbu sohada ham muntazam ravishda aniq tadbirlar amalga oshirilmoqda.
     Bugungi kunda mamlakatimizda chet el sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan 2951 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 2390 tasi O‘zbekiston va xorijiy investorlar ishtirokidagi korxona bo‘lsa, 561 tasi to‘liq xorijiy korxonadir. 2006 yilning birinchi choragida xorijiy investorlar va chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar tomonidan adliya organlariga 478 murojaat kelgan bo‘lsa, shundan 321 tasi asosli deb topildi. Mazkur murojaatlar ko‘rib chiqilgach, xorijiy investorlar va chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar huquqiy himoyasini ta’minlash maqsadida tegishli vazirliklar va idoralarga 72 taqdimnoma,  62 ogohnoma va 21 ko‘rsatma xati kiritildi. 
    Xorijiy investorlar va chet el investitsiyasi ishtirokidagi  korxonalar huquqi buzilishiga yo‘l qo‘yganligi uchun, adliya organlari taqdimnomalari asosida, 44 nafar mansabdor shaxs intizomiy, 7 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilib, bir nafar mansabdor shaxs egallab turgan lavozimidan ozod qilindi. Bundan tashqari, sudga kiritilib qanoatlantirilgan 155 da’vo arizasi bo‘yicha  xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar foydasiga 2,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berildi.
    Vazirlik tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda joylarda faoliyat yuritmayotgan  xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar aniqlanib, ularga amaliy huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shunday sa’y-harakatlar tufayli ayni paytda 20 dan ziyod xorij investitsiyasi ishtirokidagi korxona faoliyati qayta tiklandi.
    Xorijiy investor ham, yurtimiz tadbirkori ham, avvalo — inson. Yurtboshimizning talabi shuki: «Islohot — inson uchun!». Shu bois, birinchi navbatda, inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolarning, ish odamlarining ularga yetkazilgan zararlarini undirib berish, mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlarini bartaraf etish, yurtdoshlarimizning mehnat va ijtimoiy masalalarga oid muammolarini hal etishga ko‘maklashish kabi masalalar doimiy e’tiborimizda turibdi.
    Eng muhimi, tadbirkorlar, fuqarolar va xorijiy investorlarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida ularning qonunlar ijrosiga  hurmati, shuningdek, davlat organlariga bo‘lgan ishonchi oshmoqda.
    Bunday ijobiy o‘zgarishlar adliya idoralari xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Shu bois, sanab o‘tilgan sohalardagi ishlarimizni yanada kuchaytirish bilan bir qatorda, boshqa muhim tarmoqlar, xususan,  qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishida hamda  joylarda boshlanib ketgan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini o‘tkazishda qonuniylikni ta’minlash jarayonlarida ham bevosita ishtirok etish hamda izchil huquqiy yordam ko‘rsatishda davom etamiz.
    — Fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash borasida qanday ishlar qilinyapti?
    — O‘zbekistonda, Prezidentimiz Islom Karimov parlament palatalarining qo‘shma majlisidagi dasturiy ma’ruzasida ta’kidlaganidek, aholining turli ijtimoiy guruhlari manfaatlarini ifodalovchi, mamlakatimizda shakllanayotgan fuqarolik jamiyatining asosiy institutlari bo‘lgan nohukumat va jamoat tashkilotlarining nufuzi va ta’sirini oshirishga katta e’tibor berilmoqda.
     «Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari» degan siyosiy qurilish dasturini amalda to‘la tatbiq etishdek keng qamrovli hamda teran jarayon mustahkam huquqiy asosda va konstitutsiyaviy qonun ustuvorligi tamoyiliga muvofiq ravishda kechmog‘i darkor. Bu borada istiqlol yillarida xalqaro huquq andozalari va talablariga, shuningdek, dunyo tajribasi va milliy-tarixiy an’analarimizga mos bir qancha qonunlar qabul qilingani, boshqacha aytganda, zarur normativ-huquqiy baza yaratilgani diqqatga sazovor.
    Bu qonun hujjatlarining maqsadi yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoat birlashmalari rivojlanishi, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratishdan iborat.
    Ta’kidlash joizki,  nodavlat notijorat tashkilotlarning faoliyati, dastavval, kam ta’minlangan oilalarni, keksa, xasta, qarovchisiz va mehnatga yaroqsiz kishilarni muhofaza etish uchun shart-sharoit yaratish orqali ijtimoiy islohotlarni yengillashtirishga, shaharchalar va qishloq joylarda aholini ish bilan ta’minlash hamda biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ko‘maklashishga qaratilgandir. Bu tuzilmalarning faoliyat doirasi ta’lim, sog‘­liqni saqlash, madaniyat, atrof-muhit muhofazasi kabi muhim sohalarga doir mahalliy va xalqaro dasturlarni qamrab olgan.
    Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat tomonidan kafolatlanadi. Konstitutsiyamizda, «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida», «Jamoat fond­lari to‘g‘risida», «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida» va boshqa qonunlarda muhrlab qo‘yilgan huquq va kafolatlar tufayli hozirgi kunda mamlakatimizda qariyb besh ming nodavlat notijorat tashkilot adliya idoralari ro‘yxatidan o‘tkazilgan. 
    Ushbu tuzilmalar ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan. «Mahalla», «Nuroniy», «Sog‘lom avlod uchun», «Sen yolg‘iz emassan» jamg‘armalari mahallalardagi ijtimoiy muammolarni hal etish, ta’lim-tarbiya, obodonchilik ishlariga ko‘maklashish, keksa va yolg‘iz kishilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bolalar va onalar sog‘lig‘ini yaxshilashga yordam berish, yetim va nogiron bolalarni parvarishlash yo‘nalishlarida, ayniqsa, samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
    Bundan tashqari, hamkor davlatlar bilan o‘ttizdan ortiq do‘stlik jamiyatlari tashkil etilgan bo‘lib, ular O‘zbekiston bilan tegishli davlatlarning o‘zaro manfaatli munosabatlarini yanada rivojlantirish va xalqlarimiz o‘rtasida madaniy-ma’rifiy rishtalarni mustahkamlashda o‘z hissasini qo‘shib kelayotir.
    Yurtimizda istiqomat qiladigan turli millat va elat vakillari ishtirokida o‘nlab milliy-madaniy markazlar ham tuzilgan. Bu markazlarning shu millat, shu elatlar madaniyati, tili, an’ana va urf-odatlarini saqlash, rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi xizmatlari e’tiborni tortadi.
    Albatta, ayrim  nodavlat notijorat tashkilotlarning faoliyatida  qonunchilik talablari va o‘z ta’sis hujjatlari doirasidan chetga chiqish holatlari ham uchrab turibdi.
    O‘zini xalqaro huquqning to‘la huquqli subyekti deb biluvchi va xuddi shu maqomi jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilgan har qanday suveren, mustaqil davlat boshqa sohalar qatori nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini ham huquqiy tartibga solishni ta’minlaydigan qonunlar, qonunosti hujjatlarini ishlab chiqishi hamda amalda qo‘llashi tabiiy holdir. Masalan, Yaponiyada  nohukumat tashkilotlar siyosiy va diniy faoliyat bilan shug‘ullanmaydi. Isroilda nohukumat tashkilot faoliyati o‘z Nizomidagi maqsad va vazifalarga muvofiq kelmasa yoki davlat qurilishi asoslariga ziyon keltirsa, sud qarori bilan uning ro‘yxatga olinganligi bekor qilinadi. Fransiyada esa nodavlat tashkilotlar o‘zlari qo‘lga kiritgan chet el grantlarini ichki ishlar vazirligining ruxsati asosida hamda tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holdagina tasarruf etishlari mumkin.
    Mamlakatimiz tajribasida, ayrim noxolis manbalar asossiz gap tarqatganidek, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini «yoppasiga ta’qiqlash» amaliyoti mavjud emas. Birgina misol,  qonunchilikni buzganligi uchun yurtimizdagi «Umid qanotlari» markazi, «Hamroh konsalting» jamoat birlashmasi kabi sanoqli nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati tugatildi.
    Mamlakatimiz ijtimoiy hayotida xalqaro va xorijiy tashkilotlarning vakolatxonalari hamda filiallari faoliyati alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik darajasiga yuqori baho bergani holda, ularning faoliyatiga hurmat bildirib, bundan ke­yin ham ushbu hamkorlikning samarali bo‘lishidan manfaatdordir.
    Milliy qonunchilikka muvofiq xalqaro va xorijiy tashkilotlarning vakolatxonalari hamda filiallari Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, vazirligimiz barcha tashkilotlar bilan munosabatlarda qonuniylik, ochiqlik va hamkorlik tarafdori bo‘lib, qonunchilikni takomillashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilm-fanni rivojlantirish, nogiron va yetim bolalarga yordam ko‘rsatish, homiylik kabi sohalarda hamkorlik qilishga hamisha tayyor.
    Bu boradagi hamkorligimizning ijobiy mahsuli sifatida bir qator xalqaro va xorijiy tashkilotlarning vakolatxonalari hamda filiallari faoliyatini tilga olish mumkin.
    Shu bilan birga, ba’zi xalqaro va xorijiy tashkilotlarning vakolatxonalari hamda filiallari faoliyatida milliy qonunchiligimizni buzish holatlari aniqlangani sababli ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilganini ham aytib o‘tish lozim. Jumladan, «Fridom Xaus» (AQSH) tashkilotining vakolatxonasi davlatning ichki ishlariga aralashmaslik va qonunga qat’iy rioya etish haqida ogohlantirilganligiga qaramay, qonunga zid harakatlarini davom ettirdi. Natijada tegishli sud qarori asosida ushbu vakolatxona faoliyati tugatildi.
    Ayni chog‘da, qonun doirasida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarning  jamiyatimizda obro‘-e’tibori ortib, mavqei tobora mustahkamlanmoqda.
    — Sud qarorlarini ijro etish bo‘yicha yetarlicha vakolatga ega bo‘lgan tuzilma — Adliya vazirligining Sud departamenti faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz...
    — Sud departamenti tizimiga yuklatilgan vazifalarni bajarish, jumladan, sud va boshqa vakolatli organlar tomonidan majburiy ijroga berilgan ijro hujjatlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, sud ijrochilari kadrlarini tanlash, joy-joyiga qo‘yish, sudlar va sud ijrochilarining faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, moddiy-texnikaviy va moliyaviy ta’minotni takomillashtirish yuzasidan o‘tgan yil mobaynida va joriy yilning birinchi choragida qator ishlar amalga oshirildi.
    Sud ijrochilari ish yurituviga kelgan ijro hujjatlari soni va undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar miqdori o‘tgan yillardagiga nisbatan keskin oshganligiga qaramay, ko‘rilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida bu boradagi ko‘rsatkichlar sezilarli darajada yaxshilangan. Xususan, o‘tgan yili amalda bajarilgan ijro hujjatlari soni 2004 yildagiga nisbatan 76,2 mingtaga oshgan, o‘z galida, undirilgan mablag‘lar 221,5 milliard so‘mga ko‘paygan. Joriy yilning birinchi choragida esa jami undiruvlar bo‘yicha ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,5 foiz oshishiga erishildi.
    2005 yilda 74 ta umumiy yurisdiksiya sudlarida va 4ta Departament hududiy bo‘limlarida qurilish, ta’mirlash ishlariga hamda tayyor binolarni sotib olishga jami 1,4 mlrd. so‘m, 2006 yilning  birinchi choragida shu maqsadlarga 500 mln. so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.  Bir qancha tuman, tumanlararo va viloyat sudlari uchun binolar qurildi, ayrimlari uchun binolar sotib olinib ta’mirlandi. Barcha umumyurisdiksiya sudlari, Sud departamenti markaziy apparati va uning hududiy bo‘limlari hamda sud ijrochilarining tuman (shahar) bo‘linmalari zamonaviy texnika uskunalari va mebel to‘plamlari bilan to‘la jihozlandi. Ayni paytda huquqni muhofaza etuvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda Departament faoliyatini yanada takomillashtirish borasidagi faoliyat davom ettirilmoqda.
    Davlatimiz rahbarining: «Huquq — bu mustaqillikdir», degan oqilona xulosasida g‘oyatda teran ma’no mujassam. Zotan, haq-huquqqa ega inson Vatan, jamiyat oldida hamisha burchlidir. Burch nafaqat ulug‘ maqsadlar yo‘lida jonbozlik ko‘rsatish, balki ayni vaqtda muayyan xatti-harakatlardan o‘zini tiya bilishni ham anglatadi.
    Muxtasar aytganda, Mustaqillik, Huquq va Burch — o‘zaro bog‘liq, yaxlit mohiyatni o‘zida mujassam etgan, biri-birini to‘ldiradigan tushunchalardir. Bugungi kunda ana shu tushunchalar ahamiyatini teran anglagan holda o‘z faoliyatimizda ularga qanchalik ko‘proq tayansak, buyuk maqsadimiz — demokratik huquqiy davlat barpo etish va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish sari shunchalik dadilroq ilgarilab boraveramiz.
 
O‘zA sharhlovchisi
G‘ulom MIRZO
 suhbatlashdi
Aloqaga chiqish Sayt shemasi