O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Men buyuk va muqaddas Vatan farzandiman

Adliya vazirligi tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlari hamda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor va Chiroqchi tumanlarida “Men buyuk va muqaddas Vatan farzandiman” mavzusida navbatdagi targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi
 
        Adliya vazirligi huzurida tuzilgan huquqiy targ‘ibot guruhi a’zolari ushbu tumanlardagi 2000 nafarga yaqin yoshlar bilan uchrashib, mamlakatimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi roliga alohida e’tibor qaratishdi.  

        Tadbirlarda ta’kidlanganidek, o‘tgan 19 yil mobaynida Bosh qomusimiz asosida mamlakatimizda bosqichma-bosqich amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilgan muvaffaqiyatlar, Konstitutsiyamizning mamlakatimiz hayoti va taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati, bunda ushbu asosiy huquqiy hujjat inson qadr-qimmati, uning huquq va erkinliklarining kafolati hisoblanadi.

        Bugungi kunda davlatimiz xalqaro huquq normalariga mos, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasiga, ajdodlarimizning boy meroslariga va xalqimizning urf-odatlariga, siyosiy va huquqiy tajribalariga asoslangan milliy huquq tizimiga ega bo‘ldi. 

        Tadbirlardagi asosiy e’tibor Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi “Bizning yo‘limiz – demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va modernizatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish yo‘lidir” ma’ruzasida belgilangan vazifalarga qaratdilar. Kirib kelayotgan 2012 yilning “Mustahkam oila yili” deb nomlanishi mamlakatimizda oila institutini rivojlantirish va takomillashtirish, bu borada qonun hujjatlariga zarur qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, mazkur masalaga jamiyatimizning e’tiborini yanada kuchaytirishni ko‘zda tutmoqda.

        Ma’ruzachilar ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib, Prezident tashabbusi bilan e’lon qilingan “Mustahkam oila yili”da yoshlarning ijtimoiy faolligini yanada oshirishni talab etayotganligini ta’kidlashdi.

        Bundan tashqari, tadbirlar davomida targ‘ibot guruhi a’zolari tomonidan o‘quvchi yoshlarning mustaqil fikrlash qobiliyati, nutq madaniyatini o‘stirish, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan norma va qoidalarini milliy qonunchiligimizga tatbiq etish, bugungi kundagi ta’lim muassasalarida yaratilgan keng imkoniyatlar, mamlakatimizning dunyoning rivojlangan mamlakatlar bilan olib borayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sohalardagi aloqalariga e’tibor qaratilib, interfaol usullar orqali ko‘rgazmali slaydlar bilan tushuntirishlar berildi.

        Shuningdek, uchrashuvlardagi asosiy e’tibor Yurtboshimizning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” deb nomlangan yangi kitobining mazmun-mohiyatiga qaratildi. Jumladan, yoshlarning mazkur kitobdan o‘rin olgan davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz mustaqilligi arafasida va mustaqillikning dastlabki davrida olib borgan jo‘shqin va serqirra siyosiy-ijtimoiy faoliyatini aks ettiradigan ma’ruza va nutqlari borasidagi bilimlari yanada mustahkamlandi.

        Ayniqsa, kitobda aks ettirilgan tarixan qisqa davrda davlatimiz erishgan yutuq va muvaffaqiyatlar, xalqimiz hayotidagi yangilik va o‘zgarishlar, bosib o‘tilgan g‘oyat murakkab va sharafli mustaqil taraqqiyot yo‘lida qanday sinov va mashaqqatlar yengib o‘tilganligi haqidagi ma’lumotlar yoshlarda juda katta taassurot qoldirdi.

        Ma’ruzachilar xalqimizni mustaqillik sari boshlash va ruhlantirishda Prezidentimiz Islom Karimovning shaxsiy ibrati, vatanparvarligi muhim omil bo‘lganligiga alohida e’tibor qaratdilar.

        Tadbirlar davomida Adliya vazirligi tomonidan yaratilgan filmlar namoyishi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Xususan, “Men buyuk va muqaddas Vatan farzandiman” deb nomlangan maxsus film yoshlarning vatanparvarlik va fidoyilik tuyg‘ularining yanada yuksaltirishga asos bo‘lib xizmat qildi deyishga haqlimiz.

        Tadbirlar so‘ngida yoshlar orasidan “Huquq bilimdonlari” aniqlanib, ularga Adliya vazirligining esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

        Tashkilotchilar fikriga ko‘ra, navbatdagi tadbirlar Toshkent viloyatining olis tumanlarida bo‘lib o‘tadi.
 
Adliya vazirligi
 Axborot xizmati
Aloqaga chiqish Sayt shemasi