O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Notariat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar

 
        Seminarda Adliya vazirligi mas’ul xodimlari, Toshkent shahar adliya boshqarmasi mutaxassislari, poytaxtimizdagi davlat notarial idoralari notariuslari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

        Tadbirdagi asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 5 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida notariat institutini yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi va bu borada qonunchilikdagi yangilik,o‘zgartish va qo‘shimchalar mohiyatiga qaratildi. Xususan, 2010 yil 2 iyunda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan 104-sonli qaror bilan notariat institutining infratuzilmasi shakllantirilganligi, davlat notarial idoralaridagi shart-sharoit yaxshilanganligi, ularining moddiy-texnika bazasi  yangilanganligi alohida ta’kidlandi.Eng muhimi davlat notarial idoralarida fuqarolarga malakali huquqiy yordam ko‘rsatishi uchun barcha zaruriy qulayliklar yaratilganligi aytib o‘tildi.

Jumladan, rasmiylashtirilayotgan notarial harakatlar yuzasidan undiriladigan to‘lovlarni qabul qilish uchun bevosita davlat notarial idoralari binolarida kassalar ochilib,to‘lovlarni bank plastik kartochkalari orqali qabul qilish uchun hisob-kitob terminali va nazorat-kassa mashinalari bilan jihozlash masalalari hal qilindi. Notarial okruglardagi ehtiyoj inobatga olinib, qo‘shimcha 220 ta davlat notarial idorasi tashkil etildi va 219 ta notarius lavozimi joriy qilindi.

         “Adliya organlari va muassasalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun soha faoliyatida muhim o‘rin tutganligi ham e’tirof etildi.

        Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Fuqarolik, Fuqarolik protsessual, Oila, Soliq kodekslariga va bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga binoan mamlakatimizda notarial harakatlar O‘zbekiston Respublikasi nomidan davlat notarial idoralarida ishlaydigan notariuslar tomonidan amalga oshirilishi tartibi belgilandi. Shuningdek, notariuslarga qo‘yiladigan malaka talablari kuchaytirilib, yosh tsenzi belgilandi. Ya’ni yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga, yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida uch yil muddatli ish stajiga ega bo‘lgan, shu jumladan notarial idorada kamida ikki yil muddatli stajirovkani o‘tagan, malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi notarius bo‘lishi mumkinligi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, litsenziyalash tizimi bekor qilinib, notariusning mas’uliyatini oshirish maqsadida qasamyod qilish tartibi joriy etildi.

        Bundan tashqari, kadrlar tarkibini halol va malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish maqsadida notarius lavozimiga nomzodlar uchun cheklashlar o‘rnatildi. Xususan, belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, qasddan sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan, kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etgani uchun notarius, advokat, tergovchi, prokuror, sudya yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolati tugatilgan shaxslar notarius bo‘lishi mumkin emasligi kabi normalar kiritildi.

        Qonun asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining notarial harakatlarni bajarish sohasidagi barcha funktsiyalari notariuslarga o‘tkazildi.

        Qonunda shu kabi muhim jihatlar qamrab olinishi bilan bir qatorda notarius manfaatiga qaratilgan me’yorlar aks ettirilgani ular faoliyati samaradorligini ta’minlamoqda. Jumladan. Notariusning “Notariat to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasida belgilab qo‘yilgan huquqlarini amalga oshirishda, ya’ni notariusga notarial harakatlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan ma’lumot va hujjatlarni taqdim etmaganlik, xuddi shuningdek, notarius tomonidan kasb majburiyatlari bajarilishi uchun boshqa to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi 1972-moddasi bilan to‘ldirildi.

        Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzurida notarial arxivlar tashkil etildi. Aynan ushbu arxivlarda nafaqat xususiy notariuslardagi arxiv hujjatlari, balki davlat notarial idoralariga tegishli arxiv hujjatlar ham saqlanmoqda. Notarial arxivning har bir hududda bunday markazlashgan tizimi yaratilgani yuridik va jismoniy shaxslarga ma’lumotnomalar va arxiv hujjatlari nusxalarini olishlarida katta qulaylik yaratdi.

        Qonun talablaridan kelib chiqib, notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi masalani hal etish, notarius qasamyodini qabul qilish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalarining qarorlari ustidan berilgan apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish, shuningdek malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish uchun o‘n bir kishidan iborat tarkibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Oliy malaka komissiyasi tuzildi.

        Yuqorida nazarda tutilganlardan tashqari, mazkur sohani tartibga solishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining bir qator normativ xususiyatga ega bo‘lgan buyruqlari qabul qilindi.

        Seminar davomida O‘zbekiston Respublikasi “Notariat to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga binoan besh yilda bir marta notariusning malakasini majburiy malaka oshirish tizimi joriy etilganligi, hozirgi kunga qadar Yuristlar malakasini oshirish markazida 116 nafar notariuslar 5 ta guruhga bo‘lingan holda o‘z kasbiy malakalarini oshirish yo‘lga qo‘yilganligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

        Tadbirda ana shular bilan birga davlat notariuslari tomonidan kelajakda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.

        Seminarda mazkur tadbirlarni barcha hududlarda ham tashkil etishga kelishib olindi.

Adliya vazirligi
Axborot xizmati
Aloqaga chiqish Sayt shemasi