O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Yosh huquqshunoslar

Adliya vazirligi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag‘ishlab Samarqand shahrida “Yosh huquqshunoslar” respublika ko‘rik tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi
 
        Adliya, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Fond Forum jamg‘armasi, “O‘zsanoatqurilishbank” OATB hamkorligida tashkil etilgan ushbu tanlovda huquqqa ixtisoslashgan kollej va litsey talabalari o‘zaro bellashdilar. Xususan, Toshkent shahridagi birinchi va ikkinchi yuridik kollejlar, TDYuI qoshidagi akademik litsey, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona hamda Namangan viloyatlari kollej o‘quvchilari o‘zlarining huquq borasidagi bilimlarini yana bir bor mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

        Asosiy maqsad esa, o‘quvchilarining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi borasidagi bilimlarini mustahkamlash, yoshlarning erkin fikrlash qobiliyati va nutq madaniyatini o‘stirish, shuningdek ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda iste’dodli o‘quvchilarni aniqlash va ularni rag‘batlantirishdan iborat.

        Tadbirda Adliya, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Samarqand viloyat va shahar hokimligi mas’ul xodimlari, Fond Forum jamg‘armasi, “O‘zsanoatqurilishbank” OATB, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari hamda mahalliy va markaziy OAV vakillari ishtirok etishdi.

        Ushbu tanlovda yoshlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalaridagi qoidalar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti asarlari va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar borasidagi bilimlari sinovdan o‘tkazildi.

        Tanlov 3 ta shart asosida o‘tkazilib, birinchi shartda guruhlar mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishlari va jamiyatda huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirishga qaratilgan takliflarni ko‘rgazmali qurollar orqali namoyish etishdi, ikkinchi shartda har bir guruhga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan maxsus tayyorlangan savollar berildi. Uchinchi shartda esa guruhlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan oldindan berilgan mavzular asosida sahnaviy ko‘rinishlardan iborat chiqishlar orqali namoyish etildi.

        Respublika tanlovida 1-Toshkent yuridik kollejining “Kuch adolatdadir”, 2-Toshkent yuridik kollejining “Konsensus”, TDYuI qoshidagi akademik litseyining “Tafakkur”, Jizzax huquqshunoslik kollejining “Kontsul”, Namangan yuridik kollejining “O‘zbegim yoshlari”, Farg‘ona huquqshunoslik kollejining “Status-kvo” Samarqand huquqshunoslik kollejining “Deviantus”, Buxoro maishiy xizmat va yuridik kollejining “Koordinator” guruhlari o‘zaro kuch sinashishdi.

        Bellashuv natijalariga ko‘ra 1-Toshkent yuridik kollejining “Kuch-adolatda” hamda Samarqand viloyatining “Deviantus” jamoalari birinchi o‘ringa sazovor bo‘lishdi. Ikkinchi o‘ringa Namangan viloyatining “O‘zbegim yoshlari” jamoasi, Jizzax viloyatining “Kontsul” hamda  Farg‘ona huquqshunoslik kollejining “Status-kvo” jamoalari uchinchi o‘ringa  loyiq deb topildi.

        G‘olib va ishtirokchilar tanlovning  I, II va III  darajali diplomlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

        Tashkilotchilarning  ta’kidlashicha ushbu bellashuvni a’nanaviy tarzda har yili o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, g‘olib guruhlarga ma’lum ma’nodagi imtiyozlar yaratish, tanlov qamrovini kengaytirishni rejalashtirish bo‘yichasiyalar berildi.
 
Adliya vazirligi
Axborot xizmati
Aloqaga chiqish Sayt shemasi