O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Konstitutsiya – baxtimiz kafolati

Adliya vazirligi tashabbusi bilan Toshkent iqtisodiyot va biznes kolejida “Konstitutsiya – baxtimiz kafolati” mavzusida navbatdagi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
 
        Adliya vazirligi huzurida tuzilgan huquqiy targ‘ibot guruhi a’zolari ushbu kollej o‘quvchilari bilan uchrashib, yaqinlashayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yillik bayrami munosabati hamda Konstitutsiyamizning inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi roliga alohida e’tibor qaratishdi.

        Tadbirda ta’kidlanganidek, o‘tgan 19 yil mobaynida Bosh qomusimiz asosida mamlakatimizda bosqichma-bosqich amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, erishilgan muvaffaqiyatlar, Konstitutsiyamizning mamlakatimiz hayoti va taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati, bunda ushbu asosiy huquqiy hujjat inson qadr-qimmati, uning huquq va erkinliklarining kafolati hisoblanadi.

        Bugungi kunda davlatimiz xalqaro huquq normalariga mos, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasiga, ajdodlarimizning boy meroslariga va xalqimizning urf-odatlariga, siyosiy va huquqiy tajribalariga asoslangan milliy huquq tizimiga ega bo‘ldi. 

        Tadbirning e’tiborli tomoni bugungi yosh avlod o‘zining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy huquqlari yuzasidan yetarli bilimlarga ega bo‘lib, ularning mustaqil fikr bildirish qobiliyati yuqori darajada ekanligidadir.

        Mamlakatimiz aholisiga, kelajagimiz poydevori bo‘lgan yoshlarga Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini tushuntirish, ular ongida huquqiy madaniyatni yuksaltirishdek mas’uliyatli vazifani amalga oshirishda barcha davlat va nodavlat idoralari o‘zaro hamkorlikni kuchaytirib, uning ko‘lamini kengaytirish lozimligi tadbir ishtirokchilari tomonidan e’tirof etildi.

        Bundan tashqari, tadbir davomida targ‘ibot guruhi a’zolari tomonidan o‘quvchi yoshlarning mustaqil fikrlash qobiliyati, nutq madaniyatini o‘stirish, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan norma va qoidalarini milliy qonunchiligimizga tatbiq etish, bugungi kundagi ta’lim muassasalarida yaratilgan keng imkoniyatlar, mamlakatimizning dunyoning rivojlangan mamlakatlar bilan olib borayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sohalardagi aloqalariga e’tibor qaratilib, interfaol usullar orqali ko‘rgazmali slaydlar bilan tushuntirishlar berildi.

        Shuningdek, davra suhbati davomida “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturining mohiyati va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamiga hamda bu yo‘nalishdagi huquqiy asoslarga qaratildi.

        Uchrashuvdagi asosiy e’tibor Yurtboshimizning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” deb nomlangan yangi kitobining mazmun-mohiyatiga qaratildi. Jumladan, yoshlarning mazkur kitobdan o‘rin olgan davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz mustaqilligi arafasida va mustaqillikning dastlabki davrida olib borgan jo‘shqin va serqirra siyosiy-ijtimoiy faoliyatini aks ettiradigan ma’ruza va nutqlari borasidagi bilimlari yanada mustahkamlandi.

        Ayniqsa, kitobda aks ettirilgan tarixan qisqa davrda davlatimiz erishgan yutuq va muvaffaqiyatlar, xalqimiz hayotidagi yangilik va o‘zgarishlar, bosib o‘tilgan g‘oyat murakkab va sharafli mustaqil taraqqiyot yo‘lida qanday sinov va mashaqqatlar yengib o‘tilganligi haqidagi ma’lumotlar yoshlarda juda katta taassurot qoldirdi.

        Ma’ruzachilar xalqimizni mustaqillik sari boshlash va ruhlantirishda Prezidentimiz Islom Karimovning shaxsiy ibrati, vatanparvarligi muhim omil bo‘lganligiga alohida e’tibor qaratdilar.

        Tadbir davomida Adliya vazirligi tomonidan yaratilgan filmlar namoyishi yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Xususan, “Men buyuk va muqaddas Vatan farzandiman” deb nomlangan maxsus film yoshlarning vatanparvarlik va fidoyilik tuyg‘ularining yanada yuksaltirishga asos bo‘lib xizmat qildi deyishga haqlimiz.

        Tadbir so‘ngida yoshlar orasidan “Huquq bilimdonlari” aniqlanib, ularga Adliya vazirligining esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

        Tashkilotchilar fikriga ko‘ra, navbatdagi tadbirlar Qashqadaryo hamda Surxondaryo viloyatlarining olis tumanlarida bo‘lib o‘tadi.

Adliya vazirligi
 Axborot xizmati
Aloqaga chiqish Sayt shemasi