O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi

Davlatimiz bayrog‘i – iftixorimiz timsoli

Toshkent davlat yuridik instituti O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining 20 yilligiga bag‘ishlabDavlatimiz bayrog‘i iftixorimiz timsoli mavzusidagi anjuman o‘tkazildi.

        Tadbirda  Adliya vazirligi mas’ul xodimlari, institutning professor-o‘qituvchilari va talabalari, Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi vakillari, sport murabbiylari va sportning turli yo‘nalishlaridagi g‘oliblari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etishdi.

        Davra suhbatidan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ining mazmun-mohiyatini, mazkur sohadagi amaldagi qonunchilikni yoshlarga tushuntirish, ularda yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishdan iborat.

        Ma’ruzachilar tomonidan ta’kidlanishicha, Davlat bayrog‘i qonun tomonidan o‘rnatiladigan, biror bir davlatning boshqa davlatlardan farqlovchi rasmiy belgisidir, nishonidir. U davlat mustaqilligining, suverenitetining ramzi hisoblanadi. Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlash, xalqaro maydonda mamlakatimizning o‘rnini yanada oshirishdagi ahamiyati beqiyosdir.

        1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ining qabul qilinishi, naqadar muhim voqea bo‘lganligini bugun hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilinganidan buyon yigirma yil davomidagi taraqqiyoti, mazkur bayrog‘imizning muqaddas va daxlsizligini, davlatimiz mustaqilligining ramziy belgisi ekanligini to‘la tasdiqladi. Buni respublikamiz fuqarolari, siyosatchilar va xalqaro siyosiy tashkilotlar, bir so‘z bilan aytganda, keng jamoatchilik tan olgan.

        Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Respublika ma’naviyat targ‘ibot markazi mas’ul xodimlari, Jaxon chempionati ishtirokchisi, osiyoning uch karra eng yaxshi hakami Ravshan Ermatov, kurash bo‘yicha jaxon chempioni Rishod Sobirov, xalqaro darajadagi alpinist Rustam Rajabov, xalqaro darajadagi sport ustasi, O‘zbekiston chempioni “Bunyodkor” jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov, dzyudo bo‘yicha jaxon chempioni Abdulla Tangriev, Toshkent davlat yuridik instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan bu borada fikr-mulohazalar bildirilib, bayrog‘imiz nufuzini yanada oshirish, bu borada yosh avlodning vatanparvarlik va fidoyilik tuyg‘ularini yanada yuksaltirish masalasi ilgari surildi.

        Anjumanda ishtirokchilar tomonidan, “Davlatimiz bayrog‘i  – mamlakat mustaqilligining ramzi sifatida”, “Davlat bayrog‘i – iftixorimiz timsoli”, “Davlat bayrog‘i-davlatimiz ramzlaridan biri sifatida” mavzularida ma’ruzalar qilindi. Xalqaro darajadagi sportchilarimiz o‘zlarining so‘zlarida davlatimiz madhiyasi yangrab, vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilganda kechirgan his tuyg‘ularidan kelib chiqib, yuraklarida jo‘sh urgan iftixor tuyg‘ulari va taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi.

        Shu bilan birga shoirlarning Vatan bayrog‘ini madh etuvchi she’rlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

        Davra suhbati noan’anaviy interfaol usullarda olib borilib, asosan savol-javob shaklida o‘tkazildi va ishtirokchilarda yaxshi taassurot qoldirdi. Tadbir so‘ngida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan tayyorlangan “Davlat ramzlari” filmi namoyish qilindi.

Adliya vazirligi 
Axborot xizmati
Aloqaga chiqish Sayt shemasi